O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Xonaboddagi 2-son kasb-hunar texnikumiga zamonaviy planshetlar taqdim etdi

Iyun 11, 2026. 14:00 • 2 daq

87
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Xonaboddagi 2-son kasb-hunar texnikumiga zamonaviy planshetlar taqdim etdi

ISLOMOBOD, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan Andijon viloyatining Xonabod tumanidagi 2-son kasb-hunar texnikumiga beg‘araz grant taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muhbiri.

Mazkur grant ko‘magi O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida tashqi siyosiy idoralar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligini yana-da oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan elchixonaga biriktirilgan ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularning ehtiyojlarini o‘rganish hamda amaliy loyihalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, elchixona tomonidan Xonabod tumanidagi 2-son kasb-hunar texnikumiga grafika va dizayn, elektromontaj hamda axborot texnologiyalari sohalarida tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 10 ta zamonaviy planshet grant sifatida ajratildi.

Ushbu amaliy ko‘mak ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini yana-da mustahkamlash, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda o‘quvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirildi.

Shuningdek, mazkur qurilmalar ta’lim jarayonida elektron darsliklardan foydalanish, grafik dasturlar bilan ishlash, loyihalar tayyorlash va amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish imkoniyatlarini yana-da kengaytiradi.

Texnikum rahbariyati bilan mazkur ta’lim muassasasi bazasida kompyuter grafikasi, dizayn va elektromontaj yo‘nalishlariga ixtisoslashgan innovasion markaz tashkil etish masalasi ham muhokama qilinib, bu borada o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Rejalashtirilayotgan mazkur markaz o‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish hamda mehnat bozorida yuqori talabga ega mutaxassisliklar bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Mazkur grant va istiqbolli hamkorlik loyihalari natijasida Xonabod tumanidagi 2-son kasb-hunar texnikumi o‘quvchilari uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratilib, ularning zamonaviy kasb va texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishi, kelajakda yetuk va raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishishiga munosib hissa qo‘shadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish