“Rzeczpospolita” gazetasi: O‘zbekiston va Qozog‘iston Polsha investorlari uchun istiqbolli bozorlar sifatida ko‘rilmoqda
Iyun 11, 2026. 14:30 • 2 daq
• 14
VARSHAVA, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Rzeczpospolita” gazetasida polshalik investorlar uchun O‘zbekiston va Qozog‘istonda yaratilgan savdo va investitsiya imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ta’kidlanishicha, mintaqadagi imkoniyatlarga qiziqish ortib borayotganiga Polsha Milliy xo‘jalik banki (BGK) ham e’tibor qaratmoqda. U boshqa davlat institutlari bilan hamkorlikda polshalik kompaniyalarning tashqi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston Polsha uchun istiqbolli hamkor sifatida ko‘rilmoqda. Mamlakat yiliga o‘rtacha 5,7 foiz barqaror iqtisodiy o‘sishni namoyish etmoqda. Shu bilan birga, biznes yuritish uchun raqobatbardosh sharoitlar, nisbatan arzon elektr energiyasi, mehnat resurslari va soliq yukining pastligi taklif etilmoqda.
Ekspertlar fikricha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, infratuzilmaning modernizatsiya qilinishi va raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Shu bois, polsha kompaniyalari energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va IT sohalariga kata qiziqish bildirmoqda.
“UN Comtrade” ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Polsha va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 469 million dollarni tashkil etgan. Bunda Polsha eksporti 342 million dollar, O‘zbekistondan import esa 127 million dollarga teng bo‘lgan. Shuningdek, Polshaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 55–60 million dollar atrofida baholanmoqda.
Polshalik tadbirkorlar O‘zbekistonni raqamli transformatsiya jadal davom etayotgani va ichki bozor kengayib borayotgani tufayli Markaziy Osiyodagi istiqbolli IT-xablardan biri sifatida ko‘rmoqda.
Qozog‘iston ham Polsha kompaniyalari uchun muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Polsha o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlashning 75 foizdan ortig‘i aynan Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi esa qariyb 1,9 milliard dollarga yetgan.
So‘nggi yillarda Qozog‘istonda sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, kriptoindustriya va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari kabi yuqori texnologiyali sohalar jadal rivojlanmoqda.
Polsha moliya institutlari va tadbirkorlari fikricha, O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoda uzoq muddatli hamkorlik va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun eng istiqbolli bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi