JCh-2026: Bugun butunjahon futbol bayramiga start beriladi

Iyun 11, 2026. 13:00 • 2 daq

27
JCh-2026: Bugun butunjahon futbol bayramiga start beriladi

TOSHKENT, 11-iyun /“Dunyo” AA/. Bugun futbol muxlislari, shu jumladan, o‘zbek xalqi orziqib kutgan futbol bo‘yicha jahon chempionati start oladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

23-bor o‘tkazilayotgan Jahon chempionati yangiliklarga boy bo‘ladi. O‘yinlar ilk bor uch davlat – AQSh, Kanada va Meksika stadionlarida o‘tkaziladi. Bahslar 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadi.

Mazkur musobaqa tarixdagi eng yirik Jahon chempionati bo‘lib, unda 48 ta milliy terma jamoa qatnashadi va jami 104 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Eng muhimi, bu galgi mundialda O‘ZBEKISTON ham ishtirok etadi!

Futbol bayramining ochilish marosimi Meksikadagi tarixiy “Asteka” stadionida (FIFA musobaqasi davrida “Mexico City Stadium”) bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, ushbu stadion 1970 va 1986-yilgi mundiallarning ochilish bahslariga ham mezbonlik qilgan.

Taqvimga ko‘ra, ochilish o‘yini mezbon Meksika terma jamoasining Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)ga qarshi bahsi bilan boshlanadi. O‘yin bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:59 da start oladi. Ochilish bahsini Vilton Sampayo boshchiligidagi braziliyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

Qiziqarli jihati, Meksika va JAR milliy jamoalari 2010-yildagi Jahon chempionatini ham ochib bergan edi. O‘sha bahsni hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib borgan.

Eslatib o‘tamiz, “Oq bo‘rilar” ramziy nomi bilan mundialga yo‘l olgan futbolchilarimiz birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Asteka” stadioni mezbonlik qiladi.

Vakillarimiz ikkinchi turda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Mazkur bellashuv AQShdagi “NRG” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchinchi tur doirasida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bahs esa 28-iyun kuni Amerikadagi “Atlanta” stadionida o‘tkaziladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish