Logo

Yaponiyadan munosabat: Kompaniyamiz O‘zbekistonga sakkiz yo‘nalishda investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar tashkil etgan

Mart 07, 2026. 12:30 • 3 daq

3
Yaponiyadan munosabat: Kompaniyamiz O‘zbekistonga sakkiz yo‘nalishda investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar tashkil etgan

TOSHKENT, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Yurtimizda o‘tkazilgan yapon anʼanaviy sanʼati namoyishida ishtirok etgan Yaponiyaning “Balcom Group” kompaniyasi prezidenti, O‘zbekiston faxriy konsuli Tetsuro Yamasaka “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va sport sohalarida amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari haqida fikr bildirdi:

­– O‘zbekiston–Yaponiya o‘rtasidagi iqtisod, madaniyat va sport aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Hamkorlik aloqalari nafaqat jamoatchilik va diplomatik yo‘nalishlarda, balki biznes sohasida ham tobora kengaymoqda. Xususan, kompaniyamiz tomonidan O‘zbekistonda turli yo‘nalishda investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Hazirga qadar sakkiz yo‘nalishda investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar tashkil etdik.

O‘zbekistonga ilk bor 2019-yilda tashrif buyurganman. O‘shanda o‘zbeklarning mehnatsevarligi, oilaparvarligi va ishga bo‘lgan masʼuliyati menda katta taassurot qoldirgan. Shu omillar meni O‘zbekistonda biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishga undagan.

Fikrimcha, so‘nggi paytlarda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalar rivojlanib bormoqda. Jumladan, 2024 yil may oyida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida “Yaponiya oqshomi” nomli katta madaniy tadbir bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur tadbir doirasida yapon madaniyati O‘zbekiston jamoatchiligiga, o‘z navbatida, o‘zbek madaniyati Yaponiya auditoriyasiga taqdim etildi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yaponiya oqshomi”ning yuksak saviyada tashkil etilishi bizga o‘zaro madaniy almashinuvlarni yana-da rivojlantirishga turtki berdi. Shu asosda, bu gal Kagura tomoshasini namoyish qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Yana bir quvonarli holat ­– O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, har yili navbat bilan ­– bir gal O‘zbekistonda, keyingi safar Yaponiyada madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Sport yo‘nalishida ham qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023, 2024 va 2025 yillarda O‘zbekistonning 17–19 yoshlilar terma jamoasi Hirosimada o‘tkazilgan Xalqaro tinchlik sport musobaqalarida ishtirok etdi.

Taʼlim sohasida ham ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Toshkent Turin politexnika universiteti hamda Hirosima universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur kelishuv doirasida talabalar almashinuvi amalga oshirilmoqda.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan ham memorandum imzolangan. Unga muvofiq, talabalarni Hirosima universitetida tahsil olish uchun yuborish rejalashtirilgan.

Amalga oshirilayotgan iqtisodiyot, madaniyat, sport va taʼlim sohalaridagi bu kabi qo‘shma loyihalar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish