Logo

O‘zbekiston elchisi MAGATE bosh direktori bilan uchrashdi

Mart 31, 2026. 18:47 • 2 daq

54
O‘zbekiston elchisi MAGATE bosh direktori bilan uchrashdi

VENA, 31-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov 30-mart kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro aloqalar izchil rivojlanayotganini qayd etib, sheriklikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

MAGATE rahbari O‘zbekistonda atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va strategik loyihalarni yuqori baholadi. Rafael Grossi mamlakatimizning mazkur yo‘nalishdagi izchil saʼy-harakatlari Agentlik tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Suhbat davomida kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, milliy mutaxassislarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash hamda ularning nufuzli xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirishdi. Ushbu muloqot O‘zbekistonning xavfsiz va zamonaviy yadroviy texnologiyalarni rivojlantirish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish