Yun Son Chan: O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lining bir qismi ekanimizdan faxrlanamiz

Avgust 22, 2026. 10:30 • 2 daq

200
Yun Son Chan: O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lining bir qismi ekanimizdan faxrlanamiz

SEUL, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “Samsung Electronics Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Yun Son Chan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Kompaniyamiz va shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Istiqlol yillarida O‘zbekiston ulkan o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tdi. Barqaror iqtisodiy taraqqiyot, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish uchun mustahkam zamin yaratildi. Bugun O‘zbekiston xalqaro biznes uchun tobora ochiq, jadal rivojlanayotgan va jozibador mamlakatga aylandi.

2017-yilda kompaniyamiz O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochgan va mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kirita boshlagan. Shundan buyon hamkorligimiz izchil kengayib, davlat iqtisodiyoti rivojiga o‘z hissamizni qo‘shib kelayapmiz.

O‘tgan davr mobaynida kompaniya tomonidan mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. 2 million dollardan ziyod investitsiya kiritildi. So‘nggi bir yilda kompaniyamiz tomonidan to‘langan soliqlar miqdori 50 million dollardan oshdi.

Biz uchun mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Yurtingizda isteʼmolchilar ehtiyojlariga mos zamonaviy va hamyonbop elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etdik. Shu bilan birga, mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni MDHning boshqa davlatlari bozorlariga ham eksport qilish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Bu sanoat kooperatsiyasini yana-da rivojlantirish va O‘zbekistonning eksport salohiyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Kompaniyamiz kelgusida ham O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lish uchun astoydil harakat qiladi. Mamlakatingizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish hamda o‘zbek xalqi bilan birgalikda taraqqiyotga erishish biz uchun katta sharaf.

Qutlug‘ shodiyona arafasida O‘zbekiston xalqiga tinchlik, xotirjamlik va farovonlik tilayman.

Biz mamlakat taraqqiyot yo‘lining bir qismi ekanimizdan faxrlanamiz va sheriklik munosabatlarimizning kelajagiga katta ishonch bilan qaraymiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish