Eron Prezidenti AQSH bilan urushni yakunlashga chaqirdi
Avgust 22, 2026. 14:00 • 3 daq
• 78
VASHINGTON–TEHRON, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH bilan qariyb olti oydan buyon davom etayotgan urushni yakunlashga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Jazeera” telekanaliga tayanib.
“Urushni bugun, biz kuchli va o‘z qadr-qimmatimizni saqlab turgan bir paytda yakunlaganimiz ma’qul”, — dedi u. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon iyun oyida imzolangan memorandum bo‘yicha Eron AQSHga yon bergani haqidagi ayblovlarni rad etib, ushbu kelishuvda taslim bo‘lishni anglatadigan biror band mavjud emasligini qayd etdi.
Biroq Tehronning rasmiy pozitsiyasida muzokaralarga tayyorlik bilan bir qatorda keskin ogohlantirishlar ham yangramoqda. Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Ali Abdullohiy mamlakatga nisbatan yangi tahdidlar yuzaga kelgan taqdirda, ularga vayronkor va halokatli zarba bilan javob berilishini bildirdi.
Vashington ham bosim choralarini kuchaytirish niyatida. AQSH moliya vaziri Skott Bessent kelasi hafta Eron va uning savdo hamkorlariga qarshi yangi sanksiyalarni taqdim etishi kutilmoqda.
Ayni paytda Eron va O‘mon Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni barqarorlashtirish, muzokaralarni qayta tiklash va xalqaro kemalar qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilmoqda. 20-avgust kuni strategik ahamiyatga ega ushbu dengiz yo‘lagi orqali atigi to‘rtta yuk kemasi o‘tgan, ular orasida yirik neft va gaz tankerlari bo‘lmagan.
Hurmuz bo‘g‘ozidagi keskinlik jahon energetika bozori uchun ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. AQSH energetika vaziri Kris Raytning ma’lum qilishicha, hozir AQSH harbiylari ko‘magida bo‘g‘oz orqali kuniga qariyb 8 million barrelm neft tashilmoqda. Urushdan oldin esa mazkur ko‘rsatkich 20 million barreldan ortiq bo‘lgan.
Prezident Donald Tramp, o‘z navbatida, AQSH Hurmuz bo‘g‘ozi hududini to‘liq nazorat qilayotganini ta’kidlab, Eronni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga nisbatan iqtisodiy choralar ko‘rish bilan tahdid qildi. Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqlarda bo‘g‘ozni AQSH hududi deb e’lon qildi.
AQSHning harbiy zarbalari Eron iqtisodiyoti va uning mudofaa salohiyatiga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa-da, Tehron raketa va uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qolmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Eron rahbariyati mamlakatning nafaqat harbiy, balki iqtisodiy barqarorligiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Eron parlamenti spikeri Muhammad-Boqir Qolibof avvalroq mamlakatning kelajakdagi barqarorligi harbiy qudrat bilan bir qatorda iqtisodiy salohiyatga ham bevosita bog‘liq ekanini ta’kidlagan edi. “Harbiy qudratimiz qanchalik katta bo‘lmasin, agar xalq och qolsa, moliyaviy aylanma, iqtisodiy o‘sish va milliy ishlab chiqarish bo‘lmasa, biz yashay olmaymiz”, — degan u.
“Reuters” agentligi saytidan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi