“Natsionalnaya oborona” jurnali: Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modeli o‘z samarasini namoyon etmoqda

Avgust 22, 2026. 11:00 • 2 daq

248
“Natsionalnaya oborona” jurnali: Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modeli o‘z samarasini namoyon etmoqda
“Natsionalnaya oborona” jurnali: Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modeli o‘z samarasini namoyon etmoqda

MOSKVA, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Natsionalnaya oborona” jurnalida “Yangi O‘zbekiston: Prezident Shavkat Mirziyoyevning muvaffaqiyat yo‘li” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kaspiy strategik tadqiqotlar instituti Xalqaro dasturlar boshqarmasi tomonidan tayyorlangan maqolada yozilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi davlat hayotining barcha sohalarida tub o‘zgarishlarni boshlab berdi. “Ochiq eshiklar” va faol integratsiya siyosatiga o‘tish respublikani Markaziy Osiyoda investitsiyalar va geosiyosiy barqarorlikning jozibador markaziga aylantirmoqda.

O‘zbekiston rivojlanish modelining muvaffaqiyati makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘z tasdig‘ini topmoqda. Mamlakat YAIM 2016-yildagi 50 milliard dollardan 2025-yil yakunlariga ko‘ra 147 milliard dollargacha, ya’ni uch baravarga oshdi, o‘sish sur’atlari esa 7,7 foizgacha tezlashdi.

So‘nggi yillarda 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi, eksport hajmi deyarli uch baravarga ortdi. 2030-yilga borib iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirish strategik maqsad qilib belgilangan.

Nashrda qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lash yondashuvi yotadi. Ijtimoiy siyosatning bosh yutug‘i kambag‘allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqargani bo‘ldi. Bu millionlab ish o‘rinlarini yaratish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani modernizatsiya qilish hisobiga ta’minlandi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrab olish esa 9 foizdan 42 foizga yetdi.

Muallif Toshkentning pragmatizm, ko‘p tomonlama yondashuv va faollikka asoslangan yangi tashqi siyosiy kursiga alohida e’tibor qaratgan. Mintaqada yopiq chegaralar davri ortda qolgani, Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi 5 baravarga oshgani ta’kidlanadi. Xalqaro maydonda O‘zbekiston transport koridorlari loyihalarini, ekologik tashabbuslarni va Afg‘onistonni global logistikaga integratsiya qilish jarayonini faol ilgari surmoqda.

Maqola so‘nggida ta’kidlanishicha, har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan O‘zbekiston–Rossiya munosabatlari faqat davlat rahbarlari darajasidagi aloqalar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Doimiy siyosiy muloqot parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, hududlararo, ta’lim va madaniy aloqalar bilan mustahkamlanib bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish