O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning MDH davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi
Oktabr 09, 2026. 15:20 • 5 daq
• 98
(2026-yil 9-oktabr)
Hurmatli Serdar Gurbanguliyevich!
Hurmatli hamkasblar!
Avvalo, samimiy qabul va sammitni a’lo darajada tashkil etgani uchun Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
“Avaza” milliy sayyohlik zonasining go‘zal qiyofasi Turkmaniston jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganini har safar yaqqol namoyish etadi.
Ashxobodning MDHda sermahsul kechgan muvaffaqiyatli raisligi alohida e’tirofga sazovordir.
Barchangizni qutlug‘ sana – Hamdo‘stlikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ana shu davrda mamlakatlarimizda ham, dunyoda ham ko‘p narsalar o‘zgardi. Ammo eng asosiy masala bo‘lgan holat o‘zgarmasdan qoldi: bizni yaqin insoniy munosabatlar, umumiy tarix va hamkorlikning ulkan salohiyati bog‘lab kelmoqda. Bugun ulardan xalqlarimizning manfaatlari yo‘lida foydalanish muhimdir.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Bugungi kunda dunyo tubdan o‘zgarmoqda. Ziddiyatlar ortib, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta qurilmoqda.
Bunday vaziyatda ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni tez-tez uyg‘unlashtirib borish va kelishuvlarimizning real natija berishiga erishish ayniqsa muhimdir.
Mamlakatlarimiz tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiy integratsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi barqarorlik hamda taraqqiyotning asosiy poydevorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu bois, biz davlatlarimizning umumiy salohiyatidan to‘liq foydalanish va savdo-investitsiya sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishni zarur deb hisoblaymiz.
Oddiy tovar ayirboshlashdan qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich o‘tishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Bu shuni anglatadiki, biz birgalikda ishlab chiqarishimiz, investitsiya kiritishimiz va mahsulotlarimizni tashqi bozorlarga olib chiqishimiz zarur.
Aynan shunday kooperatsiya eng katta natijani beradi – yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari va fuqarolarning daromadlari o‘sishini ta’minlaydi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni qaratishimiz kerak bo‘lgan bir qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tmoqchiman.
Avvalo, Erkin savdo zonasining cheklovlarsiz to‘liq faoliyat yuritishini ta’minlash zarur.
Biz uchun texnik to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlari o‘zaro tan olinishini ta’minlash va davlat xaridlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish g‘oyatda muhim.
Mamlakatlarimiz iqtisodiyotining barqarorligi va xalqlarimiz farovonligiga bevosita ta’sir qiladigan yana bir masala bu – oziq-ovqat xavfsizligidir.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari sohasida o‘zaro bozor ochishni kengaytirish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturi tez fursatlarda kelishib olinishi va tasdiqlanishiga umid qilamiz.
Shuningdek, bozorlarimizdagi vaziyatni oldindan prognoz qilishni muhim deb hisoblayman. Buning uchun oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin o‘zaro xabardor qilish va maslahatlashish mexanizmini joriy etishni taklif qilamiz. Bu ehtimoliy xatarlarni oldindan tushunish hamda bir mamlakatning qarori boshqa davlatlar bozorlariga kutilmaganda ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq vaziyatlarning oldini olish imkonini beradi.
Navbatdagi muhim yo‘nalish sanoat sohasidagi imkoniyatlarimizni birlashtirish va o‘zaro investitsiyalarni kengaytirishni nazarda tutadi.
Toshkentda o‘tkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi va beshinchi Xalqaro investitsiya forumi biznes vakillari birgalikda ishlashga yuqori darajada qiziqayotganini yana bir bor namoyish etdi. Bu qiziqishni yangi imkoniyatlar yaratish bilan qo‘llab-quvvatlash zarur.
Maxsus iqtisodiy zonalarga alohida e’tibor qaratishni taklif qilamiz. Bizning maqsadimiz Hamdo‘stlik davlatlarining faoliyat ko‘rsatib turgan maxsus iqtisodiy zonalari va sanoat parklarini yagona tarmoqqa bog‘lashdan iborat. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tez fursatda kelishib olinishiga umid qilamiz.
Mamlakatlarimizning transport jihatdan bog‘liqligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, yuk tashish qoidalarini birxillashtirish hamda MDHda yagona transport axborot tizimini shakllantirish tarafdorimiz.
Turkman do‘stlarimizning 2029-yilni Hamdo‘stlikning transport bog‘liqligi yili deb e’lon qilish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Energetika xavfsizligi ham juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun bizga mintaqaning energetik jihatdan bog‘liqligini yaqin o‘n yilliklarda rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli prognoz zarur. Bu esa energiyaning mavsumiy ortiqchaligi va taqchilligi qayerda va qachon yuzaga kelishi, qaysi tarmoqlarni rivojlantirish zarurligi hamda gidroenergetika, issiqlik generatsiyasi va qayta tiklanuvchi manbalarni qanday qilib eng samarali tarzda uyg‘unlashtirish mumkinligi haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini berishi lozim.
Ushbu vazifalarni hisobga olgan holda, biz MDH energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqdik.
Barchamiz uchun umumiy bo‘lgan yana bir xavf-xatar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Bu borada muvofiqlashtirilgan va amaliy qarorlar zarur. Biz kam uglerodli texnologiyalarni jadal joriy etish va yopiq sikldagi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish tarafdorimiz.
Sa’y-harakatlarimizni birlashtirish uchun MDHning resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot sohasida hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashning kuchli poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Biz Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi formatini kengaytirish orqali mazkur yo‘nalishni yanada rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz.
Bugungi kunda yangi texnologiyalar ta’sirida tez o‘zgarib, zamonaviy iqtisodiyotning mustaqil hamda sezilarli qismiga aylanib borayotgan ijodiy industriyalarga alohida e’tibor qaratishni taklif qilamiz.
Shu munosabat bilan “Madaniy siyosat va kreativ industriyalar” forumini tashkil etishni taklif etamiz.
Shu kunlarda qadimiy Xiva shahri MDH Yoshlar forumini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ishonchim komil, ushbu anjuman yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Zamonaviy xavf-xatarlar haqida so‘z ketganda, butun dunyoda ko‘lami jadal o‘sib borayotgan muammo – kiberjinoyatchilik borasida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan firibgarlik allaqachon fuqarolar va biznesga jiddiy zarar yetkazib, mamlakatlarimiz moliya tizimlarining barqaror ishlashiga xavf tug‘dirmoqda.
Shu bois, Ichki ishlar vazirlari kengashiga qisqa muddatda transchegaraviy kiberjinoyatlar va firibgarlik sxemalariga tezkor javob berish uchun MDH Qo‘shma aloqa markazini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Kelgusi yilda O‘zbekiston MDHga raislikni qabul qiladi.
Hamdo‘stlikni yanada mustahkamlash va fuqarolarimiz his etadigan aniq natijalarga erishish uchun yaqin hamkorlik qilishga bel bog‘laganmiz.
Sizlarni Kengashning kelgusi yili Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan navbatdagi majlisiga taklif etaman.
So‘zimning yakunida Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga mehmondo‘stlik hamda sammitni yuqori darajada tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Bugun erishilgan kelishuvlar o‘zining amaliy tasdig‘ini topadi, hamkorligimiz esa bundan buyon ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi deb ishonaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi