Turkiyalik xotin-qizlar Toshkent va Samarqanddagi diqqatga sazovor joylarga sayohat qildi
Iyul 08, 2026. 18:30 • 2 daq
• 32
ANQARA, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli tashkilotlaridan biri – “Turk Metal” kasaba uyushmasi xotin-qizlari yurtimizga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turkiyalik mehmonlar dastlab poytaxtimizdagi O‘zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvda kasaba uyushmalarida xotin-qizlarning o‘rni, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat jarayonida sanoat sohasida faoliyat yurituvchi ayol ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va bu jarayonda kasaba uyushmalarining roli muhokama qilindi. Shu bilan birga, xotin-qizlar duch kelayotgan muammo va kamchiliklar xususida ham so‘z yuritildi. Ayollarning kasaba uyushmalari hayotida yana-da faol ishtirokini taʼminlash maqsadida hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Delegatsiya aʼzolarining Samarqand shahriga sayohati ham yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi. Mehmonlar tarixiy shaharning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.
Tashrif davomida mehmonlar Toshkent va Samarqandning betakror tarixiy-madaniy merosi, tarixiy-meʼmoriy obidalari hamda zamonaviy inshootlari ularda unutilmas taassurotlar qoldirganini taʼkidladi. Ular yurtimizning boy tarixi, xalqimizning mehmondo‘stligi va shaharlarimizning obod qiyofasidan katta taassurot olganini eʼtirof etdi.
Turkiya kasaba uyushmalari vakillari O‘zbekistonga uyushtirilgan ushbu tashrif ularning ilk turistik safari bo‘lganini, kelgusida esa bu kabi sayohatlarni yana-da ko‘paytirish niyatida ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi