O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Indoneziyada qator hamkorlik kelishuvlariga erishdi

Iyul 07, 2026. 15:00 • 2 daq

85
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Indoneziyada qator hamkorlik kelishuvlariga erishdi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Indoneziyada qator hamkorlik kelishuvlariga erishdi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Indoneziyada qator hamkorlik kelishuvlariga erishdi

JAKARTA, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (O‘XIA) delegatsiyasining Indoneziyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida O‘XIA vakillari ikki mamlakat o‘rtasida taʼlim, ilm-fan hamda ekstremizm va terrorizmning oldini olish sohalaridagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashga bag‘ishlangan qator uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Xususan, Indoneziya Terrorizmga qarshi kurashish milliy agentligi (BNPT)da bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ekstremizmga qarshi kurashda kompleks yondashuvning ahamiyati alohida taʼkidlandi.

Agentlikning xalqaro aloqalar departamenti direktori, Indoneziya Milliy politsiyasi generali Dhani Hernando bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda O‘XIA tomonidan yurtimizning ekstremizm va terrorizmning oldini olish sohasida to‘plagan tajribasi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar va hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Indoneziyadagi Sahid universiteti prorektori Ani Siska bilan ham muloqot qildi. Suhbat chog‘ida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, onlayn maʼruzalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar va akademik mobillikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotda yoshlarni radikal g‘oyalar taʼsiridan himoya qilish, strategik kommunikatsiyalar, muqobil maʼrifiy narrativlarni ishlab chiqish hamda analitik tadqiqotlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. CSIS vitse-prezidenti Medilina Henditio O‘XIA olimlari va tadqiqotchilari uchun xalqaro ilmiy dasturlar, stajirovkalar va grant loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini taklif qildi.

Tashrif doirasida O‘XIA huzuridagi “Ziyo” media markazi tomonidan Indoneziyaning ekstremizmga qarshi kurashish tajribasi, soha mutaxassislari bilan intervyular va maxsus reportajlar tayyorlandi. Ushbu materiallar asosida hujjatli film yaratish rejalashtirilgani ham mazkur tashrifning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.

Indoneziyaga amalga oshirilgan mazkur tashrif O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida taʼlim, ilm-fan, xavfsizlik hamda ekstremizmning oldini olish sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish