Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Pokiston irrigatsiya sohasi tajribasini o‘rgandi
Iyul 06, 2026. 20:00 • 2 daq
• 127
LAHOR, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Lahor shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Pokistonning Panjob provinsiyasi Irrigatsiya departamenti rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida Qoraqalpog‘iston va Panjob provinsiyasi o‘rtasida irrigatsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish hamda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston tomoni mamlakatda amal qilayotgan irrigatsiya tizimi, zamonaviy sug‘orish infratuzilmasi, suv resurslarini boshqarish mexanizmlari hamda suv tejamkorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Qoraqalpog‘istonda suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va irrigatsiya infratuzilmasini takomillashtirishda Pokiston, xususan, Panjob provinsiyasining ilg‘or tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tomonlar irrigatsiya sohasida o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni almashish, soha mutaxassislarining malakasini oshirish va ikki hudud o‘rtasida institutsional hamkorlikni mustahkamlash muhim ekanini qayd etdi.
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘iston va Panjob provinsiyasi o‘rtasida irrigatsiya sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishda qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishib olindi
Mazkur kelishuvlar Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini samarali boshqarish, zamonaviy irrigatsiya texnologiyalarini joriy etish va ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi