“Gesamtmasche” jurnali: O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirmoqda

Oktabr 29, 2026. 11:30 • 2 daq

• 2
“Gesamtmasche” jurnali: O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirmoqda

BЕRLIN, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya trikotaj sanoati uyushmasining “Gesamtmasche” jurnalida “Samarali ishlab chiqarish, biznesda global fikrlash” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik tarmog‘idagi tarkibiy o‘zgarishlar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishning kengayishi hamda Germaniya korxonalari bilan hamkorlik istiqbollari batafsil yoritilgan.

Muallif Roman Augenshtaynning yozishicha, O‘zbekiston paxta yetishtiruvchi mamlakatdan tayyor to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib beruvchi davlatga aylanish yo‘lida katta qadam tashlamoqda. Xususan, 2020-yilda 941 million AQSh dollarini tashkil etgan paxta ip-kalavasi eksporti tayyor mahsulotlar eksportidan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib ushbu ko‘rsatkichlar deyarli tenglashgan. Maqolada 2030-yilgacha tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini uch baravar oshirib, 20 milliard dollarga yetkazish maqsadi ham qayd etilgan.

Maqolada ta’kidlanganidek, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish investitsiyalar bilan bir qatorda mahsulot sifati, yangi turdagi buyumlarni ishlab chiqish va boshqaruvga qo‘yiladigan talablarni ham oshirmoqda. Shu jihatdan, ikki davlat to‘qimachilik hamda tikuvchilik korxonalari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashayotgan “GUZ Partners” loyihasiga alohida e’tibor qaratilgan.

“GUZ Partners” loyihasi eksperti Kamola Nabiyevaning ta’kidlashicha, dastur korxonalarning amaliy ehtiyojlariga yo‘naltirilgan. Germaniya to‘qimachilik tarmog‘i vakillari bilan tanishuvlar esa loyiha yakunlanganidan keyin ham davom etadigan barqaror hamkorlikka asos bo‘lishi kutilmoqda.

Nashr O‘zbekistonning iqtisodiy va transport-logistika ahamiyati ortib borayotganini ham nemis kompaniyalari uchun muhim omil sifatida baholaydi. 

“Gesamtmasche”ning qayd etishicha, O‘zbekistonning o‘sib borayotgan ichki bozori va ishlab chiqarish zanjiridagi yangi imkoniyatlar xalqaro sheriklar uchun istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini ochmoqda. “GUZ Partners” esa nemis kompaniyalariga ushbu bozorni yaqindan o‘rganish, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda O‘zbekiston, Germaniya va uchinchi mamlakatlar bozorlarida qo‘shma faoliyat imkoniyatlarini aniqlashda ko‘maklashishni maqsad qilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish