Zulkifli Hasan: O‘zbekiston hukumati dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish va islom sivilizatsiyasi qadriyatlariga asoslangan yechimlarni izlash uchun noyob maydon yaratdi

Iyul 08, 2026. 10:30 • 2 daq

128
Zulkifli Hasan: O‘zbekiston hukumati dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish va islom sivilizatsiyasi qadriyatlariga asoslangan yechimlarni izlash uchun noyob maydon yaratdi

TOSHKENT, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Malayziya din ishlari vaziri Zulkifli Hasan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tayotgan “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi:

– Bugun dunyo hamjamiyati ko‘plab tahdidlarga duch kelmoqda, ular orasida institutsional darajadagi ksenofobiya, islomofobiya va birgalikda yechim topishni taqozo etadigan boshqa jiddiy muammolar bor. Aynan shuning uchun ham Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining o‘tkazilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston hukumati dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish hamda islom sivilizatsiyasi qadriyatlariga tayanib yechimlar izlash maqsadida turli mamlakatlardan olimlar, diniy yetakchilar va ekspertlarni birlashtirgan noyob platformani yaratdi. Bu o‘zaro anglashuv, tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim tashabbusdir.

Islom sivilizatsiyasi shakllanganidan buyon dunyoga tinchlik, adolat va birlik g‘oyalarini olib kelmoqda. U ilm-fan, texnologiya, meʼmorchilik va madaniyat sohasidagi ulkan yutuqlar bilan bir qatorda, axloqiy qadriyatlarga ham doimo alohida eʼtibor qaratib kelgan. Gap adolat, moʻtadillik, tenglik, inson qadr-qimmatini hurmat qilish va gumanizm kabi zamonaviy dunyoda ayniqsa zarur bo‘lgan tamoyillar haqida bormoqda.

O‘zbekiston hukumatini shunday keng ko‘lamli xalqaro forumni tashkil etgani bilan tabriklayman. Ushbu tashabbusni to‘la qo‘llab-quvvatlayman va tinchlik, maʼrifat hamda o‘zaro hurmatga asoslangan islom sivilizatsiyasining asl qadriyatlarini birgalikda davom ettirishga ishonchim komil.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish