“Al-Kass”: O‘zbekiston 8–10 oktyabr kunlari ilk bor suzish bo‘yicha jahon kubogiga mezbonlik qiladi

Avgust 23, 2026. 17:30 • 2 daq

97
“Al-Kass”: O‘zbekiston 8–10 oktyabr kunlari ilk bor suzish bo‘yicha jahon kubogiga mezbonlik qiladi

AR-RIYOZ, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining “Al-Kass” sport yangiliklari saytida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan suzish bo‘yicha jahon kubogi musobaqasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning taʼkidlashicha, World Aquatics (Jahon suv sportlari federatsiyasi) tomonidan tashkil etilayotgan suzish bo‘yicha jahon kubogi musobaqasi shu yil 8–10-oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Tarixda ilk bor ushbu nufuzli musobaqaning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning xalqaro sport bellashuvlarini yuqori saviyada tashkil etish borasidagi tajribasi hamda jahon sport hamjamiyatidagi nufuzi tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Uch bosqichli musobaqalar davomida 50 dan ziyod milliy federatsiyadan 750 nafardan ortiq erkak va ayol sportchilar ishtirok etib, umumiy miqdori 1,2 million AQSH dollarini tashkil etuvchi sovrin jamg‘armasi uchun bahs olib boradi.

Shu bilan birga, bellashuvlar doirasida jahon rekordlarini yangilagan sportchilar, “Triple Crown”ning har uchala bosqichida g‘alaba qozongan ishtirokchilar uchun maxsus mukofotlar ham taʼsis etilgan.

Mazkur musobaqa suzuvchilar uchun Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan suzish bo‘yicha 18-jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini ham o‘taydi.

Maqolada qayd etilishicha, Toshkent 2017 va 2018-yillarda badiiy suzish bo‘yicha jahon kubogi musobaqalariga mezbonlik qilgan edi. Endilikda poytaxt suzish bo‘yicha jahon kubogi bosqichini qabul qilmoqda.

World Aquatics prezidenti Husayn Al-Musallamning maʼlum qilishicha, suzish bo‘yicha Jahon kubogining O‘zbekistonda o‘tkazilishi tashkilot uchun muhim va ahamiyatli voqea hisoblanadi. Uning fikricha, jahon talablariga javob beradigan zamonaviy infratuzilma va o‘zbekona mehmondo‘stlik uyg‘unligi sportchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratadi.

Ayni paytda tashkilotchilar Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi hududida joylashgan zamonaviy suv sporti saroyida tayyorgarlik ishlarining yakuniy bosqichini amalga oshirmoqda. Musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun sport inshootining texnik imkoniyatlari, tashkiliy masalalar va ishtirokchilar uchun zarur sharoitlar yana bir bor ko‘rib chiqilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish