O‘zbekiston Prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sanoatlashgan intensiv bog‘larni ko‘paytirish chora-tadbirlari belgilandi
May 14, 2026. 19:05 • 4 daq
• 85
TOSHKENT, 14-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun hududlarda intensiv sanoatlashgan bog‘larni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va qishloq aholisini daromadli qilish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 572,6 ming gektar bog‘ va tokzor mavjud bo‘lib, ular yiliga 1 milliard dollarlik eksportni taʼminlamoqda, 882 ming nafar aholining daromad manbaiga aylangan.
Shu bilan birga, yer va suv resurslari cheklangan hozirgi sharoitda sohadagi o‘sishni faqat maydonlarni kengaytirish hisobidan emas, balki har bir gektardan olinadigan hosildorlik va daromadni oshirish orqali taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. O‘zbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bunda intensiv, sanoatlashgan bog‘dorchilikni kengaytirish muhim omil bo‘ladi.
Yig‘ilishda mavjud bog‘ va tokzorlar holati tahlil qilindi. Hozirda 61 ming gektar eskirgan va 18 ming gektar yaroqsiz bog‘larni yangilash zarur. Ayrim hududlarda bunday maydonlardan gektariga bor-yo‘g‘i 5 tonna hosil olinmoqda, yillik daromad esa 10 million so‘mga ham yetmayapti.
Misol uchun, Pop tumanida 1 ming 200 gektar eski va yaroqsiz bog‘lar mavjud. Agar ular o‘rnida eksportbop navlar ekilib, quritish, saralash va qadoqlash bo‘yicha agrologistika markazlari tashkil etilsa, hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirish mumkin. Mazkur tumanda 84 gektarda barpo etilgan eksportbop gilos bog‘i tajribasi ham intensiv bog‘dorchilikning amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. Hali to‘liq hosilga kirmagan yosh ko‘chatlardan ham gektariga 7 tonnadan hosil olinib, bir kilogramm mahsulot 8 dollardan eksport qilinmoqda.
Shu bois, eski va yaroqsiz bog‘lar bilan ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy etish taklif qilindi. Bu jarayonda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, sanoatlashgan bog‘lar barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha xulosa beradi. 12 oy davomida sanoatlashgan bog‘ barpo etilmagan maydonlar uchun yer va suv solig‘i stavkasini oshirish, bu holat yana 12 oy davom etsa, suvdan foydalanishni cheklash taklif etildi.
Prezidentimiz yerdan samarali foydalanish ustidan nazoratni raqamlashtirish zarurligini taʼkidladi. Eskirgan va yangi sanoatlashgan bog‘lar holatini kosmik tasvirlar orqali monitoring qilish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.
Tomorqa va dehqon xo‘jaliklaridagi eski bog‘larni yangilash ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun mahalla bankiri orqali aholiga 50 donagacha ko‘chat yoki 2 million so‘mgacha qarz berish, dehqon xo‘jaliklariga esa eskirgan bog‘larni yangilash uchun 150 million so‘mgacha kredit ajratish taklif qilindi.
2026-2028-yillarda 168 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning hisobiga 2 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 258 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Bunday loyihalarni moliyalashtirish va amaliy qo‘llab-quvvatlash uchun 9 ta tijorat banki hududlarga biriktiriladi. Ular sanoatlashgan bog‘larni tadbirkorlarga tayyor holda topshirish bilan birga ikki yil davomida agrotexnik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan kuzatib boradi.
Yig‘ilishda intensiv bog‘ tashkil qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida tizim joriy etilishi belgilandi. Joylardagi “Agrostar” kompaniyalari tadbirkorlar bilan ulushdorlik asosida hamkorlik qiladi. Bunda “Agrostar” kompaniyalari ustav kapitalining 50 foizigacha qismida pul mablag‘i bilan, tadbirkor esa yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi bilan ishtirok etadi.
Tadbirkorlarga “Agrostar” kompaniyasi ulushini qayta baholamasdan 7 yil ichida bo‘lib-bo‘lib sotib olish huquqi beriladi. Bu tizim eski bog‘ egalarini ham manfaatdor qiladi: ular yangilangan bog‘lardan orttirgan daromadi hisobidan ulushni bosqichma-bosqich sotib olib, keyinchalik intensiv bog‘ga to‘liq egalik qilishi mumkin bo‘ladi.
Bunday loyihalarga banklar tomonidan har bir gektar uchun 120 million so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit vaqtida qaytarilsa, foiz stavkasining yarmi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, sanoatlashgan bog‘larning parvarishlash xarajatlari uchun 3 yil davomida har gektarga 5 million so‘mdan subsidiya beriladi.
Suv tejovchi texnologiyalar, mevali ko‘chat va qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun tadbirkorlar islom moliyasi xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Prezidentimiz yig‘ilishda so‘zga chiqqan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tingladi. Ularning yetishtirilgan yoki import qilingan mevali ko‘chatlar va payvandtaglar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini nol stavkada qo‘llash, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan sanoatlashgan bog‘larda quduqlardan olinadigan suv uchun soliqni 5 yil muddatga 1 so‘m etib belgilash haqidagi takliflarini maʼqulladi.
Mutasaddilarga eski va samarasiz bog‘larni yangilash, sanoatlashgan bog‘lar bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish, banklar, hokimliklar va tadbirkorlar hamkorligini tizimli yo‘lga qo‘yish, har bir hududda eksportbop navlar, agrologistika va qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga murojaati



