O‘zbekiston Prezidenti raisligida madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng miqyosli chora-tadbirlar belgilandi

Iyun 01, 2026. 17:10 • 9 daq

76
O‘zbekiston Prezidenti raisligida madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng miqyosli chora-tadbirlar belgilandi

TOSHKENT, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, unda adabiyot, madaniyat va sanʼat namoyandalari, shoir va yozuvchilar, aktyor, dramaturg va rejissyorlar, qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar, rassom, haykaltarosh, hunarmandlar, sanʼatshunos olimlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida madaniyat va sanʼat xalq maʼnaviyati, jamiyat tafakkuri va yoshlar tarbiyasida beqiyos o‘rin tutishini taʼkidladi.

Bugun dunyoda inson ongi va qalbini egallash uchun kurash kuchayib borayotgani, bunday sharoitda kitob, teatr, kino, musiqa va adabiyot jamiyatning maʼnaviy immunitetini mustahkamlaydigan eng taʼsirchan vositalar ekani qayd etildi.

Uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida ijodkorlar bilan muloqot qilingani, madaniyat va sanʼat obyektlaridagi holat o‘rganilgani taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari bugungi muloqot sohadagi muammolarga yechim topish, adabiyot, madaniyat, sanʼat va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratishga qaratilganini bildirdi.

Avvalo, ijodkorlarni rag‘batlantirish va yosh isteʼdodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy sanʼat kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Ularga ustoz ijodkorlar, vazirlar va yirik kompaniyalar rahbarlari hamrais bo‘ladi.

Bu birlashmalar tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan ishlab, yosh isteʼdodlarni aniqlash, mahalla – tuman – viloyat – respublika bosqichlarida tanlovlar o‘tkazish, g‘oliblarni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” o‘tkaziladi. Qurultoyda yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarning badiiy kechalari tashkil etilib, ular munosib taqdirlanadi.

Xususan, musiqa sohasida yangi asarlar yaratgan, xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoki asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar, adabiyot sohasida esa asarlari keng eʼtirof etilgan, katta adadda chop etilgan, teatr va kinoda sahnalashtirilgan shoir, yozuvchi va dramaturglar rag‘batlantiriladi.

Bunday ijodkorlarga yil davomida har oyda 5 million so‘mdan gonorar beriladi, ular O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi. Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajatlari byudjetdan qoplanadi, ularning mahorat maktablari va ijod uylari tashkil etiladi.

Yosh isteʼdodlar va ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham muhim choralar belgilandi. 1-sentyabrdan boshlab respublika tanlovi g‘oliblariga 100 million so‘m, nufuzli xalqaro tanlov sovrindorlariga 300 million so‘mgacha mukofot beriladi, ularning ishtirok xarajatlari to‘liq qoplanadi. Ustoz va murabbiylar oylik maoshiga 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

Har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan xorijiy madaniyat va sanʼat muassasalarida taʼlim olishga yuboriladi. Yosh isteʼdodlarni aniqlash, prodyuserlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijodga investitsiya” jamg‘armasi tashkil etilib, unga yiliga 200 milliard so‘m ajratiladi.

Ijodkorlarning mualliflik huquqini himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Adabiyot, madaniyat va sanʼat sohasida yaratilgan har bir mahsulot ijodkorning intellektual mulki ekani, har bir badiiy asar, musiqa va qo‘shiq muallifga daromad keltirishi zarurligi taʼkidlandi. Masʼullarga mualliflik huquqini kafolatli himoya qiladigan tizim ishlab chiqish topshirildi.

Adabiyot sohasi vakillari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy buyurtma beriladi. Har yili o‘zbek adabiyotining 10 ta eng yaxshi asari xorijiy tillarga tarjima qilinib, mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkaziladi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qog‘oz bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.

Ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham bir qator imtiyozlar belgilandi. Har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va sanʼat vakili, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.

Boshqa hududdan kelib ishlayotgan soha vakillariga uy-joy ijarasi xarajatlari uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi.

Har yili faoliyatida yaxshi natijaga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi, yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga kasaba uyushmalari sanatoriylariga bepul yo‘llanma beriladi.

Ashula va raqs ansambllarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentyabrdan boshlab ulardagi barcha xodimlarning ish haqi 2 karra oshiriladi. Raqs ustalari uchun pensiyaga chiqishda talab etiladigan raqs staji 20 yildan 15 yilga qisqartiriladi. Yangi Toshkentda qurilishi boshlangan Maqom markazi yonida zamonaviy Raqs saroyini barpo etish taklifi ilgari surildi.

Kompozitor va bastakorlar faoliyatini moliyalashtirish, ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Har yili ularga opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo‘yicha kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi.

Davlatimiz rahbari jamiyatimizda milliy ruhni mustahkamlashning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Bugun xalqni ilhomlantiradigan adabiyot, yoshlarga faxr va iftixor beradigan kino, qalblarni junbishga keltiradigan musiqa, odamni o‘zini anglashga undaydigan teatr kerakligi taʼkidlandi.

Internet va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda muhim o‘rin egallayotgan hozirgi davrda ijodkor-ziyolilarning raqamli maydondagi ovozi balandroq yangrashi zarurligi qayd etildi.

Madaniy tadbirlarga talabni oshirish maqsadida ham yangi mexanizmlar joriy qilinadi. Har yili 500 ming o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalarga, shuningdek, 100 ming ehtiyojmand oila va nogironligi bor bolalarga teatr, kino va konsertlarga bepul vaucherlar beriladi.

1-iyuldan har bir tuman va mahallada konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazish xarajatining 20 foizgacha qismi byudjetdan qoplanadi. Konsert-tomosha, xususiy teatr, kinematografiya, bolalar kontenti, madaniyat va sanʼat yo‘nalishidagi xususiy taʼlim tashkilotlari qator soliqlardan ozod qilinadi. Adabiyot, madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan homiylik mablag‘lari ham soliqqa tortilmaydi.

Viloyat hokimliklari huzurida alohida direksiyalar tashkil etilib, ular konsert, teatr va madaniyat saroylari zallaridan samarali foydalanish, har kuni madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun masʼul bo‘ladi.

Teatr sohasida ham keng imkoniyatlar yaratiladi. O‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi teatrga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilgani yaxshi natija bergani taʼkidlandi. Bir yilda spektakllar soni 1,5 barobar, tomoshabinlar esa 2 karra ko‘paygan. Endi mazkur tajriba Muqimiy, Berdaq va Milliy qo‘g‘irchoq teatrlariga ham tatbiq etiladi.

Xususiy teatrlar va teatr-studiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentyabrdan boshlab har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. Ularga davlat madaniyat obyektlari bepul foydalanish uchun ajratiladi, xususiy bino ijaraga olinganda oyiga 20 million so‘mgacha xarajat byudjetdan qoplanadi. Spektakllar uchun sotilgan har bir chiptaga byudjetdan qo‘shimcha gonorar to‘lash tizimi joriy etiladi.

Kino sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilandi. “O‘zbekfilm”ga milliy maqom berilib, u mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiriladi. Milliy filmlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida global kinoplatformalar bilan hamkorlik kuchaytiriladi.

Davlat buyurtmasi asosida film yaratishda targ‘ibot va reklama xarajatlari uchun film byudjetining 30 foizigacha mablag‘ ajratiladi. Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘ning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qo‘shimcha rag‘bat sifatida beriladi. “Oltin humo” milliy kino taqdimotining nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish uchun har yili 5 milliard so‘m ajratiladi.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish alohida yo‘nalish sifatida belgilandi. Yaqin yillarda madaniyat va sanʼatda qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish orqali kreativ iqtisodiyot hajmini 145 trillion so‘mga yetkazish maqsad qilingan. Shu maqsadda sohaning huquqiy asosi yaratilgan, Kreativ industriya parki rezidentlari uchun alohida soliq rejimi joriy etilgan. Shayxontohur tumani va Nukus shahrida yirik kreativ parklar qurilishi boshlangan.

Hunarmandchilik mahsulotlariga zamonaviy dizayn olib kirish orqali ularning qo‘shilgan qiymatini 5-10 karra oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Xalqaro dizaynerlar bilan hamkorlik kengaytirilib, Yevropa, AQSH, Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlarida ko‘rgazmalar ko‘paytiriladi. Har bir hududda yil davomida mega-tadbirlar tashkil qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Учрашувда маданият ва санъат соҳасида таълим тизимини такомиллаштириш масаласи ҳам атрофлича муҳокама қилинди. Умумтаълим мактабларида мусиқа, тасвирий санъат ва технология дарслари “Art” ўқув дастури асосида янгиланади. Янги ўқув йилидан ҳар бир вилоятдаги 10 тадан умумтаълим мактабида тажриба тарзида art йўналиши жорий этилади.

Бунда бошланғич синфларда болаларни расм, мусиқа ва ўйинлар орқали ижодга қизиқтириш, юқори синфларда эса дизайн, графика, сунъий интеллект ва креатив лойиҳалар билан ишлаш кўникмаларини шакллантириш назарда тутилади.

Юртимиздаги 326 та мусиқа ва санъат, 29 та ихтисослашган мактабда 95 минг ўғил-қиз таълим олаётгани қайд этилди. Ушбу муассасалар учун аниқ самарадорлик кўрсаткичлари ишлаб чиқилади. Мусиқа мактаблари битирувчилари ўз йўналишидан ташқари қўшимча битта миллий чолғуни билиши талаб этилади.

Янги ўқув йилидан 326 та мусиқа ва санъат мактаби ўқитувчиларининг ойлиги умумтаълим мактаблари ўқитувчилари билан тенглаштирилади. Умумтаълим ва мусиқа мактаби ўқитувчилари иш ҳақига ўқувчиларининг чолғуларни қай даражада ижро этишига қараб, 20 фоизгача устама тўланади. Камида 1,5 миллион ўқувчини мусиқа ва санъатга жалб қилиш вазифаси қўйилди.

Ҳар бир умумтаълим мактабида мусиқа ва санъат йўналишида камида 4 тадан тўгарак ташкил этилади. Миллий чолғу сотиб олганларга харажатнинг 30 фоизи қоплаб берилади. Имконияти чекланган ёшлар учун ҳудудларда “Инклюзив ижодий устахоналар” ташкил этилади ва ушбу йўналишга ҳар йили 30 миллиард сўм ажратилади.

Кадрлар тайёрлаш тизими ҳам қайта кўриб чиқилади. Янги ўқув йилидан ихтисослашган мактабларга ўқувчилар мусиқа йўналишида 5-синфдан, рақс, театр ва санъат бўйича 9-синфдан қабул қилинади. Мусиқа ва санъат, Эстрада ва цирк техникумлари Маданият вазирлиги тизимига ўтказилиб, уларга олий мактаб мақоми берилади. Уларда ўқув жараёни уч йиллик дастур асосида ташкил этилади.

Маданият ва санъат йўналишидаги олийгоҳларда “дуал таълим” йўлга қўйилади. Ҳар бир талабага таниқли ижодкорлар бириктирилиб, улар ёшларни концерт, театр ва томошаларда иштирок эттириш орқали катта саҳнага тайёрлайди. Таълим дастурларига “Арт-менежмент”, “Креатив индустрия”, “Лойиҳаларни тижоратлаштириш” каби замонавий мавзулар киритилади. Талабаларнинг стартап лойиҳалари учун 10 та олийгоҳга 50 миллиард сўм ажратилади.

Соҳа ходимларининг малакасини ошириш ва қайта тайёрлаш бўйича яхлит тизим яратилади. Мавжуд марказлар негизида Маданият вазирлиги тизимида малака ошириш ва қайта тайёрлаш институти ташкил этилади. Мазкур институт умумтаълим мактабларидаги мусиқа ўқитувчиларининг малакасини ошириш учун ҳам масъул бўлади.

– Бугун дунёда қандай таҳликали ҳолат, қарама-қаршилик ва низолар рўй бераётганини кўриб турибмиз. Бундай вазиятда биз учун миллий бирлик ва ҳамжиҳатлик ҳар қачонгидан ҳам муҳим. Ишончим комил, бу борада сизлар энг олдинги сафда туриб, чинакам ватанпарварлик, миллатга садоқат ва фидойилик фазилатларингиз билан ёшларимизга, бутун халқимизга намуна бўласизлар, – деди Президентимиз.

Давлатимиз раҳбари соҳа вакиллари билан самимий мулоқот қилди, уларнинг фикр-мулоҳазалари, таклиф ва ташаббусларини тинглади.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish