O‘zbekiston Prezidenti raisligida ilmiy kadrlar tayyorlash va ilm-fan sohasini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
May 25, 2026. 18:25 • 4 daq
• 164
TOSHKENT, 25-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fanni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada ilmiy faollik, xalqaro ilmiy nashrlardagi maqolalar soni hamda yuqori reytingga ega jurnallarda chop etilayotgan tadqiqotlar ulushi izchil o‘sib bormoqda.
Qolaversa, ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini yana-da oshirish, tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini kuchaytirish, akademik halollik tamoyillarini mustahkamlash va sohadagi boshqaruv tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu munosabat bilan taqdimotda yuqori salohiyatli ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mamlakatimizning uzoq muddatli ilmiy-texnologik rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sunʼiy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar hamda seysmologiya kabi sohalar bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlashda izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish taklif qilindi.
Bunda ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarda zarur bo‘lgan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uchun har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratib borish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy rahbarlar masʼuliyati va ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini kuchaytirish taklif qilindi. Endilikda muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faollik ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir muhim yo‘nalishlardan biri – Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar taklif etildi.
Bunda Oliy attestatsiya komissiya faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish, ilmiy kengashlar masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatini reyting asosida baholash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy daraja berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish taklif qilindi.
Xususan, hozirgi kunda dissertatsiya himoyasi jarayonida amal qilayotgan tartib-taomillarning 50 foizi raqamlashtirish hisobidan qisqartiriladi.
Mazkur jarayonda ko‘p sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash hamda dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bog‘liq ortiqcha talablar bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Bu esa izlanuvchilar uchun qulaylik yaratish, vaqt va mablag‘ sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori integratsiyasini kuchaytirish maqsadida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” hamda “Amaliy doktorantura” dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Ushbu yondashuvlar doirasida doktorlik tadqiqotlari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda ilmiy izlanishlar real sektor korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, ularning natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va saralash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida loyihalarni baholash tizimini joriy qilish hamda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishda shaffoflik va samaradorlikni oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, ilmiy faollikning yuqori o‘sish surʼatlari tadqiqot sifati, akademik halollik va ichki ilmiy nazorat mexanizmlarini yana-da kuchaytirishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan olimlarning ilmiy faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimini joriy etish, ilmiy etika standartlarini takomillashtirish, tadqiqot sifati ustidan taʼsirchan monitoring mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Xorijda faoliyat yuritayotgan tajribali vatandosh olimlar bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Jumladan, ilm-fan sohasini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqot madaniyatini mustahkamlash hamda zamonaviy metodologik standartlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiquvchi Ilm-fan maslahat kengashini tashkil etish taklifi bildirildi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ilm-fan va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini yana-da oshirish muhimligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




