O‘zbekiston Prezidenti kichik biznes o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi
May 26, 2026. 19:29 • 3 daq
• 84
TOSHKENT, 26-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun kichik biznes subyektlari o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, kichik biznes iqtisodiyotda bandlik, daromad va raqobat muhitini taʼminlaydigan muhim tarmoq hisoblanadi. Shu bois, so‘nggi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi ayrim tartibotlar biznesning tabiiy o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Xususan, kichik biznes subyektlari tushumi 1 milliard so‘mgacha bo‘lganda soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshganda esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lashga o‘tadi.
Mazkur chegara 2019-yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda narxlar sezilarli ravishda oshdi. Natijada ayrim tadbirkorlar 1 milliard so‘mlik chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta subyektga bo‘lish amaliyotiga o‘tmoqda.
Taqdimotda 2026-yil 1-iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirish taklif qilindi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi bildirildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foiz stavkada QQS to‘lab, foyda solig‘idan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Bu orqali kichik biznes uchun soliq hisoblash va to‘lash jarayoni soddalashadi, maʼmuriy yuk kamayadi, aylanmalarni yashirish va biznesni sunʼiy bo‘lishga rag‘bat pasayadi.
QQS maʼmuriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga o‘tgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshmoqda. 2025-yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq to‘lovchilarning 77 foizi QQS to‘lovchilarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bois, past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini bekor qilish, import bo‘yicha majburiy QQSga o‘tish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish va bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif etildi.
Kichik biznes subyektlariga nisbatan maʼmuriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish hamda soliq xavfi 500 million so‘mgacha bo‘lgan holatlarda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik tartibini joriy etish taklif qilindi.
Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida ham bir qator yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi doir talabni bekor qilish, ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tarzda rasmiylashtirish taklif qilindi.
Ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyekti uchun qonuniy o‘sish imkoniyatini oshirishi kutilmoqda. Soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga byudjetga yiliga kamida 2 trillion so‘m qo‘shimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni maʼqullab, kichik biznesga qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlarni faoliyatini kengaytirishga rag‘batlantirish va ishonchini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti ko‘mir sanoatini rivojlantirish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha rejalarni ko‘rib chiqdi



