Logo

O‘zbekiston Prezidenti sport sohasida amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026-yil uchun mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Yanvar 20, 2026. 18:38 • 4 daq

178
O‘zbekiston Prezidenti sport sohasida amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026-yil uchun mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

TOSHKENT, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun sport sohasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026-yil uchun mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, sportda yaxlit tizim yaratilgani o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi.

Aholining ommaviy sport bilan qamrovi 15 million nafarga yetdi, sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilarning soni so‘nggi yillarda qariyb 1,5 barobarga oshdi.

O‘tgan yili yoshlarimiz jahon universiadasida 13-o‘rin, Bahrayndagi Yoshlar o‘yinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqasida 2-o‘rin, BAAdagi Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida 1-o‘rinni egalladi.

Futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, joriy yil shaxmatchimiz Javohir Sindarov esa “Jahon toji” uchun nomzodlar turnirida ishtirok etadi.

Shu bilan birga, bu natijalar bilan cheklanib qolmaslik, mavjud imkoniyatlar va yaratilgan sharoitlardan to‘liq foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Ayrim sport turlari bo‘yicha natijalar hali mavjud infratuzilma va salohiyatga to‘liq mos kelmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Eng avvalo, ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilarning sonini yaqin istiqbolda 17 million nafarga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Xalqaro sport o‘yinlari va Olimpiadalar uchun munosib zaxira yaratish maqsadida tashkil etilgan Prezident Olimpiadasi orqali ochiq va shaffof seleksiya tizimini yo‘lga qo‘yishni davom ettirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Birinchi musobaqada 103 ming nafar sportchi ishtirok etdi, final bosqichida 11 ta sport turi bo‘yicha 3 mingdan ortiq sportchi 135 ta oltin, 134 ta kumush va 227 ta bronza medali uchun bellashdi.

Endilikda musobaqalarni yiliga 2 marta o‘tkazish va hududlarda 13-14 yosh toifasida tashkil etish, sport turlarining sonini bosqichma-bosqich 20 taga yetkazish topshirildi.

Shuningdek, o‘tgan yili Olimpiya shaharchasi va Milliy futbol markazi foydalanishga topshirilgani sport sohasida muhim tarixiy voqea sifatida qayd etildi. Hozirgi kunda Olimpiya shaharchasiga 17 ta olimpiya sport federatsiyasi va boshqa sport tashkilotlari ko‘chib o‘tgan. Endi ushbu majmualar o‘zbek sportining milliy timsoli va yagona klasteriga aylanishi lozimligi taʼkidlandi.

Sport sohasini yana-da rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, yuqori sport natijalariga erishish nafaqat infratuzilma va musobaqalar, balki sport fanining barcha yo‘nalishlarini tizimli rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq.

Bu borada sport farmakologiyasi, diyetologiya, funksional va jismoniy tayyorgarlik, reabilitatsiya hamda yuklamalarni individual rejalashtirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etish vazifalari belgilandi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish, sport sohasidagi ilg‘or ishlanmalar va so‘nggi tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, milliy va xalqaro darajada ilmiy anjumanlar va konferensiyalar o‘tkazish orqali tajriba almashinuvini kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, sport sohasini rivojlantirishga xususiy sektor va investorlarni keng jalb etish, sport infratuzilmasi, tayyorgarlik markazlari va sport xizmatlari bozorida investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash kerakligi aytildi.

Yoshlarni ommaviy sportga jalb etishda sport maktablarining mahallalargacha kirib borishini taʼminlash, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni maqsadli tayyorlash tizimini mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.

Joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro sport tadbirlari haqida axborot berildi.

Xususan, Butunjahon suzish federatsiyasi Ijroiya byurosi yig‘ilishi, Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping agentligi (RADOCA) yig‘ilishi va xalqaro forum, shuningdek, Osiyo olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasiga mezbonlik qilish rejalashtirilgani qayd etildi.

Osiyo olimpiya kengashi 1982-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Osiyo qitʼasida olimpiya harakatini muvofiqlashtiradi va 45 mamlakat milliy olimpiya qo‘mitasi unga aʼzo hisoblanadi. Bosh assambleya doirasida Osiyo olimpiya harakatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda kengash prezidenti lavozimiga saylov o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tadbirlarda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Osiyo olimpiya kengashi, WADA, xalqaro sport federatsiyalari rahbarlari hamda boshqa nufuzli sport tashkilotlari vakillari ishtirok etishi, jami 360 nafardan ortiq xorijiy mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari ushbu tadbirlarni yuksak saviyada o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston kurash sport turlari bo‘yicha mintaqada ham, jahon miqyosida ham barqaror va kuchli pozitsiyani egallamoqda. Endilikda bu sportni yana-da ommalashtirish uchun Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasi tashkil etilishi belgilandi.

Shuningdek, joriy yildan boshlab Prezident kubogi, “O‘zbekiston botirlari” turniri, Bosh prokuror kubogi, harbiy xizmatchilar o‘rtasida kurash sport musobaqalari doimiy o‘tkazib boriladi. 2026 yilda hududlarda qurilayotgan maktablarda milliy kurash bilan birga yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha sportchilarni tayyorlash boshlanadi. Yil yakuniga qadar har bir tuman va shaharda kamida bittadan maktabda kurash sporti klublari ochiladi.

Davlatimiz rahbariga joriy yil Italiyada bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki bo‘yicha ham axborot berildi.

Prezidentimiz belgilangan vazifalarni to‘liq va sifatli bajarish, sportni ommalashtirish hamda xalqaro maydonda barqaror natijalarga erishishni taʼminlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish