O‘zbekiston Prezidenti Kallibek Kamalov xotirasini yod etdi
Sentabr 18, 2026. 14:20 • 2 daq
• 116
TOSHKENT, 18-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, safarni boshlashdan avval O‘zbekiston yetakchisi atoqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi. Qurʼon tilovat qilinib, marhumning haqqiga duoi fotiha qilindi.
Prezidentimiz marhumning ibratli hayot yo‘li, ezgu ishlari va el-yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini yodga oldi. O‘tganlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, kattalarni eʼzozlash yosh avlod uchun ibrat ekanini taʼkidladi.
Joriy yil fevral oyida vafot etgan Kallibek Kamalov ko‘p yillar Qoraqalpog‘istonda rahbarlik lavozimlarida ishlab, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligini ravnaq toptirish, aholi turmushini yaxshilashga katta hissa qo‘shdi.
Keyingi yillarda nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalarni qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlikni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etdi. Xizmatlari “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi