Orolbo‘yi iqlimiga mos sanoatlashgan intensiv bog‘ maydonlari kengaymoqda
Sentabr 18, 2026. 15:05 • 3 daq
• 112
TOSHKENT, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “ADM Agro” korxonasining sanoatlashgan intensiv bog‘ida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy agrar tajribani ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, jahon tajribasida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar boshqa tarmoqlarni ham rivojlantirib, ko‘p tarmoqli faoliyat yuritishi keng tarqalgan.
Jizzax viloyatida avtomobil ishlab chiqarayotgan “ADM Group” kompaniyasi ham shu yondashuv asosida faoliyatini kengaytirmoqda. Orolbo‘yida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish uning yangi yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Aytishlaricha, Orolbo‘yining og‘ir iqlimida, sho‘r tuprog‘ida bog‘dorchilik o‘zini oqlamaydi. 55 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan mazkur loyiha esa bu qarashlarni butkul o‘zgartirmoqda.
Bog‘ning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Eng muhimi, mahalliy aholi uchun 100 ta muqim ish o‘rni yaratildi. Ilgari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan qishloq aholisi endi o‘z hududida ishlab, oilasiga baraka kiritmoqda.
Hozirda 69 gektar maydonga AQSHda seleksiya qilingan 250 ming tub qora olxo‘ri ko‘chati ekilgan. Bu nav sho‘r yerlarga juda chidamli hisoblanadi. U ekilganidan so‘ng atigi 2 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxt 50-60 kilogrammgacha hosil beradi. Mevaning yirikligi va danakning oson ajralishi qayta ishlash uchun juda qulay sanaladi.
Yerdan unumli foydalanish va daromadni ko‘paytirish maqsadida daraxtlar orasiga hosildor pomidor navi ekildi. Ekin maydonining har bir gektaridan o‘rtacha 40-45 tonna hosil olish mumkin.
Bog‘da qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar suv tanqisligi bilan bog‘liq muammoga samarali yechim berdi. Maydonda yopiq drenaj va tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Oddiy sug‘orishda bir gektar yerga 12 ming litr suv ketadi. Yangi tizim orqali esa bu sarf bor-yo‘g‘i 5 ming litrni tashkil etmoqda. Natijada suv 60 foizgacha tejaladi.
Suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxt ildiziga boradi va behuda sarf bo‘lmaydi. Suv bilan birga berilgan mineral o‘g‘itlar 90 foizgacha o‘simlik tomonidan o‘zlashtiriladi. Namlikning bir maromda saqlanishi hosildorlikni yanada oshiradi. Tizim to‘liq avtomatlashtirilgani sababli yuzlab gektar maydonni birgina operator bemalol boshqara oladi.
Iqlimning injiqliklariga qaramay, shunday zamonaviy bog‘ yaratilgani tadbirkorlarimizning jasorati va yangicha fikrlayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
Mevani shu yerning o‘zida quritish va qayta ishlash uskunalari o‘rnatilgani mahsulot qiymatini bir necha barobarga oshirayotgani taʼkidlandi.
Loyiha doirasida tayyor mahsulotlarni sotish bo‘yicha ham aniq reja mavjud. Eksport qilish yuzasidan Xitoy, Koreya va Rossiya davlatlari bilan manfaatli shartnomalar imzolab bo‘lingan.
Kegeylidagi mazkur muvaffaqiyatli tajriba butun Qoraqalpog‘iston bo‘ylab kengaytiriladi. Intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazib, 40 mingta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Shu yerda davlatimiz rahbari fermerlar bilan muloqot qildi. Ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etib, Qoraqalpog‘iston taraqqiyotiga qaratilayotgan doimiy eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi