O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Prezidentini telefon orqali tavallud kuni bilan tabrikladi
Oktabr 07, 2026. 16:29 • 2 daq
• 283
TOSHKENT, 7-oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.
Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.
O‘zaro hamkorlik barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. O‘zaro savdo hajmi, sanoat, energetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yetakchi korxonalar kooperatsiyasi ko‘lami izchil ortib bormoqda.
Kuni kecha Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda Hududlar kengashining uchinchi yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda: yaqinda mamlakatimizda «San’atlar olami» deb nomlangan Rossiya san’ati festivali muvaffaqiyatli o‘tkazildi, ayni kunlarda esa Moskva shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi