BMT Bosh Assambleyasi Falastinning 81-sessiyadagi ishtirokini qo‘llab-quvvatladi

Sentabr 18, 2026. 15:30 • 2 daq

75
BMT Bosh Assambleyasi Falastinning 81-sessiyadagi ishtirokini qo‘llab-quvvatladi

NYU-YORK, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh Assambleyasi Falastinning 81-sessiya ishida ishtirok etishi to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “UN News”ga tayanib.

Hujjatni yoqlab 152 davlat ovoz berdi, uch davlat qarshi chiqdi, yana to‘rt davlat betaraf qoldi. AQSH hujjatga qarshi ovoz berdi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Temmi Bryus prezident Donald Tramp davrida Vashingtonning pozitsiyasi o‘zgarmasligini taʼkidlab, Falastin maʼmuriyati va Falastin ozodlik tashkiloti (FOT)ni Oslo kelishuvlari doirasidagi majburiyatlarni bajarmaganlikda aybladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Falastin maʼmuriyati va FOTdan terrorizmni qoralash hamda uni har qanday ko‘rinishda qo‘llab-quvvatlash yoki oqlashdan voz kechishni talab qiladi. U Vashington terrorchilar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘laydigan to‘lovlarni to‘xtatishga hamda “zo‘ravonlikni ulug‘lashga” chek qo‘yishga chaqirdi.

Xitoyning doimiy vakili o‘rinbosari Sun Ley AQShni mezbon davlat sifatida xalqaro huquqiy majburiyatlarga rioya qilishga, barcha suveren davlatlarga teng munosabatda bo‘lishga va Bosh Assambleyaning 81-sessiyasi Yuqori darajadagi haftaligi doirasidagi tadbirlarning to‘siqsiz o‘tkazilishini taʼminlashga chaqirdi.

Falastinning BMTdagi doimiy vakili Riyod Mansurning maʼlum qilishicha, Falastin rahbariyati prezident Mahmud Abbos boshchiligidagi delegatsiyani BMT va Bosh Assambleyaning Yuqori darajadagi haftaligida ishtirok etish huquqidan mahrum qilishga qaratilgan harakatlarni qatʼiyan rad etadi.

Ovoz berish BMT shtab-kvartirasi joylashgan AQSh 81-sessiya arafasida Falastin rasmiylarining vizalarini bekor qilganidan so‘ng bo‘lib o‘tdi.

Yuqori darajadagi haftalikning diqqat markazida xalqaro xavfsizlik, qurolli mojarolar, iqlim o‘zgarishi, ehtimoliy pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish, dengiz sathining ko‘tarilishi, irqchilikka qarshi kurashish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalari bo‘ladi.

Bosh Assambleyaning umumiy muzokaralari 22-sentabr kuni BMTga aʼzo 193 davlat vakillari ishtirokida boshlanadi. Sessiya davomida iqlim, pandemiyalarning oldini olish, rivojlanish huquqi, irqchilikka qarshi kurash va yadroviy qurollarni to‘liq yo‘q qilish masalalari bo‘yicha ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

81-sessiya Antoniu Guterrish uchun BMT Bosh kotibi lavozimidagi so‘nggi sessiya bo‘ladi. Uning ikkinchi va oxirgi vakolat muddati 2026-yil 31-dekabrda tugaydi, shundan so‘ng 2027-yil 1-yanvarda yangi Bosh kotib o‘z faoliyatini boshlaydi.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish