O‘zbekiston Prezidenti Singapur delegatsiyasini qabul qildi

Avgust 28, 2026. 14:01 • 2 daq

98
O‘zbekiston Prezidenti Singapur delegatsiyasini qabul qildi

TOSHKENT, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Singapur katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Katta vazir Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnam va Bosh vaziri Lourens Vongning samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Singapur munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqot hamda barcha darajalardagi ikki tomonlama aloqalar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal surʼatlarda o‘sib bormoqda. Singapurning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi.

Singapur ishbilarmonlarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni ishlab chiqib, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga ustuvorlik berishga kelishib olindi.

O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilg‘or tajribasini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Singapur oliy taʼlim muassasalarining mamlakatimizdagi faoliyati bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.

Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qo‘shma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.

Yaqinda O‘zbekiston BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani olqishlandi.

Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish