Hindiston Bosh vaziri 29-30-avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi
Avgust 28, 2026. 17:05 • 2 daq
• 171
TOSHKENT, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 29-30-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bo‘lajak muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston – Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Tizimli siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, savdo, energetika, kimyo, geologiya, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida aniq dasturlar va kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor eʼtibor qaratiladi.
Xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi