O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi Raisini qabul qildi

Oktabr 20, 2026. 21:15 • 2 daq

• 104
O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi Raisini qabul qildi

TOSHKЕNT, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi, Bangladesh tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmonni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yuqori martabali mehmon 21-22-oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” mavzusidagi Jahon sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Xalilur Rahmonni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi etib saylangani bilan samimiy tabriklab, mazkur maqomda tashrif buyurgan birinchi mamlakat O‘zbekiston ekanini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida, Xalilur Rahmon O‘zbekiston Prezidentiga BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.

Muloqot chog‘ida BMT va uning tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 15 ta rezolyutsiyani qabul qildi, ularning ikkitasi joriy yilda ma’qullandi.

O‘zbekiston tashkilotning asosiy organlari va tuzilmalari ishida faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimiz 2035-2036-yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surgan.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish hamda tinchlik madaniyati va dinlararo muloqotni mustahkamlash masalalarida konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.

Ikki tomonlama munosabatlar haqida so‘z yuritilar ekan, Janubiy Osiyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri Bangladesh bilan ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish