Raqamli ta’lim orqali yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi
Oktabr 20, 2026. 18:19 • 3 daq
• 117
TOSHKENT, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, axborot texnologiyalari sohasida 2030-yilgacha 300 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha belgilangan maqsadga joriy yilning o‘zida erishildi. Endi raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish hisobiga 2030-yilga qadar yana 500 mingta ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilmoqda.
Buning uchun yoshlarni o‘qitishdan boshlab, kasbiy ko‘nikmalarini tasdiqlash va ishga joylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yagona raqamli ta’lim ekotizimini shakllantirish zarur. Taqdimotda 2030-yilgacha 5,5 million nafar yoshni an’anaviy va masofaviy shakllarda o‘qitishga qaratilgan yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Maktab o‘quvchilari uchun “Al-Xorazmiy vorislari” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihalarini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalari hamda xususiy o‘quv markazlari imkoniyatlarini birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari robototexnika, kompyuter o‘yinlarini yaratish, startaplar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yiliga 1 million nafar yoshni o‘qitish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun milliy trenerlar korpusini shakllantirish, onlayn ta’lim platformalari va qisqa muddatli raqamli kurslarni tezroq ishga tushirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirib, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda oliy ta’limda tayyorlanayotgan kadrlar malakasini texnologiyalar va mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga moslashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Sun’iy intellekt, mikrosxemalarni loyihalash, dron texnologiyalari va kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda ta’limni rivojlantirish, talabalarning amaliy loyihalarda ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Shuningdek, informatika o‘qituvchilarining sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarini oshirish va ularni sertifikatlash, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun xalqaro raqamli ta’lim kurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Farg‘ona tajribasi asosida iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini tashkil etish, xususiy ta’lim markazlariga mentorlar tayyorlash takliflari ma’qullandi.
Ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni ta’lim bilan bog‘lashga ham e’tibor qaratildi. Xususan, OTMlarda o‘rnatilgan tizimlar, mikroelektronika va buyumlar interneti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, muhandislik ishlanmalari va tadqiqot laboratoriyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Yoshlarning olgan bilimi mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi uchun “Raqamli yoshlar” platformasini rivojlantirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Unda ta’lim, ko‘nikmalar, til bilish darajasi va sertifikatlar haqidagi ma’lumotlarni jamlash, yoshlarga mos bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilish hamda ularning bandligini kuzatib borish ko‘zda tutilmoqda.
Raqamli ta’limga global texnologik kompaniyalarni keng jalb qilish zarurligi qayd etildi. O‘tgan yili ushbu yo‘nalishda 22 million dollar grant jalb qilingan. Tizimli hamkorlik orqali mazkur ko‘rsatkichni shu yil yakunigacha 60 million dollarga, 2030-yilga borib esa yiliga 100 million dollarga yetkazish topshirildi.
Joriy yilda jalb etiladigan grant mablag‘larining yarmini raqamli ta’limga, qolgan yarmini malaka oshirish dasturlari hamda chekka hududlarda raqamli ta’lim markazlarini tashkil etish, ularni sun’iy intellekt, robototexnika va dasturlashni o‘qitish uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga yo‘naltirilishi belgilandi.
Prezidentimiz raqamli ta’limda qamrov bilan birga o‘qitish sifati va uning bandlikka ta’siri ham asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Mas’ullarga belgilangan maqsadlarga aniq dasturlar orqali erishish, hududlardagi imkoniyatlarni kengaytirish, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar bilan ishlashni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlarining borishi yuzasidan axborot berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi