O‘zbekiston Prezidenti Ostona shahrida "Kelajak o‘yinlari"ning ochilish marosimida ishtirok etdi
Iyul 29, 2026. 19:15 • 2 daq
• 114
TOSHKENT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ostona shahrida “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, “Baris Arena” muz saroyida o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Marosim ishtirokchilariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin videomurojaat yo‘lladi.
Tadbirning tantanali qismida fijital sportning mazmun-mohiyati, yaʼni raqamli bellashuvlarni anʼanaviy sport turlari hamda jismoniy faollik bilan birlashtiruvchi yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi. Musobaqaning g‘oyasi yoshlarni anʼanaviy sport bilan shug‘ullanishga daʼvat etishdir.
Davlatimiz rahbari xalqaro turnir ishtirokchilarini qutladi.
Bugun sport va texnologiyalar vazirlari, diplomatik missiyalar rahbarlari hamda boshqa yuqori martabali vakillar ishtirokida fijital sport bo‘yicha sammit ham bo‘lib o‘tdi.
Birinchi “Kelajak o‘yinlari” 2024-yilda Qozon shahrida o‘tkazilgan. Uning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan edi. Ikkinchi turnir esa 2025-yilda Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tdi.
Bu galgi musobaqalarda O‘zbekiston vakillari fijital futbol, lazertag va raqs yo‘nalishlari bo‘yicha bellashadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi