BMT 30-iyuldan yangi bosh kotibni aniqlash uchun norasmiy ovoz berish jarayonini boshlaydi
Iyul 29, 2026. 17:00 • 2 daq
• 132
NYU-YORK, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. BMT Xavfsizlik kengashi payshanba kuni tashkilotning navbatdagi bosh kotibini aniqlash uchun ilk norasmiy yopiq ovoz berish jarayoni o‘tkazilishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Reuters” agentligining maʼlum qilishicha, ovoz berish uchun hozircha 7 nafar nomzod ko‘rsatilgan. Nomzodlar orasida BMTning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi (Argentina), Chilining sobiq prezidenti Mishel Bachelet, Kosta-Rikaning sobiq vitse-prezidenti Rebeka Grinspan, Ekvadorning sobiq tashqi ishlar vaziri Mariya Fernanda Espinosa, Gayananing sobiq tashqi ishlar vaziri Karolin Rodriges-Birkett, Senegalning sobiq prezidenti Makki Sall hamda o‘tgan hafta o‘z nomzodini ilgari surgan ugandalik diplomat Olara Otunnu Antoniu Guterrishning o‘rnini egallashga daʼvogarlik qilmoqda.
“Sinov ovoz berish” rasmiy saylov emas, balki Xavfsizlik kengashi aʼzolarining nomzodlarga bo‘lgan munosabatini aniqlashga qaratilgan norasmiy jarayondir. Kengashning 15 aʼzosi har bir nomzod bo‘yicha “qo‘llab-quvvatlayman”, “qarshiman” yoki “fikrim yo‘q” degan variantlardan birini tanlaydi. Ovoz berish maxfiy tarzda o‘tkaziladi.
Hozircha saylovda aniq yetakchi nomzod yo‘q. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, bosh kotibni tanlash jarayoni bir necha bosqichda o‘tishi va sentyabr oxiri yoki oktyabr oyi boshigacha davom etishi mumkin.
Boshqa nomzodlar ham keyinchalik saylovga qo‘shilishi mumkin. Dastlabki bosqichlarda barcha byulletenlar bir xil bo‘ladi va qaysi davlat nomzodga qarshi ovoz bergani oshkor etilmaydi. Keyingi bosqichlarda esa Xavfsizlik kengashining veto huquqiga ega besh doimiy aʼzosi – Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSH – boshqa rangdagi byulletenlardan foydalanadi. Bu esa nomzodga ulardan biri tomonidan salbiy baho berilgan-berilmaganini ko‘rsatadi.
Yakunda Xavfsizlik kengashi BMT Bosh Assambleyasiga bosh kotibni tayinlash bo‘yicha tavsiya etuvchi rezolyutsiya qabul qiladi. Buning uchun kamida to‘qqizta ovoz va doimiy aʼzolarning hech biri tomonidan veto qo‘yilmasligi talab etiladi. Keyin esa nomzod Bosh Assambleya tasdig‘idan o‘tadi.
Xavfsizlik kengashiga ayni paytda Kongo Demokratik Respublikasi raislik qilmoqda. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Zenon Mukongo Ngay ilk norasmiy ovoz berish bo‘lib o‘tishini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Olara Otunnu boshqa nomzodlar kabi norasmiy eshituvlarda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, birinchi ovoz berishda qatnashadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi