Yaponiyada Samarqandning noyob devoriy suratlari va Ipak yo‘li xazinalari namoyish etiladi

Iyul 29, 2026. 20:00 • 2 daq

111
Yaponiyada Samarqandning noyob devoriy suratlari va Ipak yo‘li xazinalari namoyish etiladi

TOKIO, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari Tokio milliy muzeyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nara shahri meriyasi hamda ushbu hududdagi milliy muzey hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida o‘rnatilgan sheriklik munosabatlari xususida so‘z yuritildi.

Matbuot anjumanida 2027-yil iyul–sentyabr oylarida Nara milliy muzeyida bo‘lib o‘tadigan Ipak yo‘li devoriy suratlari va xazinalariga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayoni haqida maʼlumot berildi.

Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga Nara shahri meri Gen Nakagava, Milliy muzey direktori Yoichi Inoue, “NHK Enterprises, Inc.” korporatsiyasi mintaqaviy boshqarmasi direktori Takashi Savada, “Yomiuri Shimbun” vakili Daichi Nagai batafsil javob berdi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgani, Samarqand shahri insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy va boy madaniy markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilishini alohida taʼkidladi.

Mutaxassislar O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarib, madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratganini qayd etdi.

Nara shahri meri Gen Nakagava tadbir davomida quyidagilarni taʼkidladi:

“Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida qardoshlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan buyon o‘zaro almashinuvlar, madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. 2027-yilda o‘tkaziladigan ko‘rgazma O‘zbekiston bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash, Yaponiyaning Markaziy Osiyo bilan hamkorligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi Nara shahri meri Gen Nakagava.

Mazkur xalqaro ko‘rgazma haqida Nara milliy muzeyi direktori Yoichi Inoue ham so‘z yuritdi. Uning fikricha, ushbu ko‘rgazmaning markaziy eksponati Samarqandning mashhur “Moʻjizaviy devoriy suratlari” bo‘ladi. Unda 1965-yilda Afrosiyob shahar xarobalaridan topilgan VII asrga mansub saroy devoriy suratlari namoyish etiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish