“Daily News Hungary”: O‘zbekiston–Qirg‘iziston strategik sherikligi Markaziy Osiyo integratsiyasini kengaytirmoqda
Iyul 29, 2026. 19:30 • 2 daq
• 95
BUDAPESHT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” nashrida O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi arafasida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ushbu davlat tashrifi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yana-da faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport, energetika va sanoat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam ekani haqida so‘z yuritilgan.
Muallif so‘nggi yillarda ikki davlat munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, chegara masalalari to‘liq hal etilgani va bu Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch hamda yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotganini eʼtirof etgan. Shu bilan birga, savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va transport bog‘liqligini kuchaytirish ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatilgan.
Maqolada Qambarota GES-1 qurilishi va “O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy” temir yo‘li loyihasi kabi yirik tashabbuslar strategik sheriklikka yangi mazmun bag‘ishlashi hamda butun Markaziy Osiyoning transport va energetika tizimlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlangan.
Nashrning yozishicha, O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yangi surʼat bag‘ishlaydi hamda ikki qardosh davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi