Fransiyada Yangi Toshkent infratuzilma loyihalari taqdimot qilindi

Noyabr 04, 2026. 17:30 • 2 daq

• 5
Fransiyada Yangi Toshkent infratuzilma loyihalari taqdimot qilindi

PARIJ, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Fransiya poytaxtida “Paris Infraweek 2026” xalqaro forumi doirasida O‘zbekistonning transport tizimini modernizatsiya qilish va xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan, umumiy qiymati 15 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yettita infratuzilma loyihasi taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Markaziy Osiyoda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) va investitsiya imkoniyatlariga bag‘ishlangan xalqaro forum Fransiyaning “Expertise France” agentligi va “Herbert Smith Freehills Kramer” xalqaro yuridik kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

Muhokamalarda Markaziy Osiyo davlatlari davlat idoralari, xalqaro moliya institutlari, investitsiya fondlari va infratuzilma kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Transport vazirligi va mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi xodimlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston hududlari va Yangi Toshkentdagi istiqbolli infratuzilma va shaharsozlik loyihalariga alohida e’tibor qaratdi. Xorijiy kapitalni jalb qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va DXSH mexanizmlarini qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Loyihalarni moliyalashtirish, investitsiya va operatsion xatarlarni taqsimlash, davlat-xususiy sheriklik va konsessiya mexanizmlarini qo‘llash masalalari ham muhokamalarning alohida yo‘nalishini tashkil etdi.

Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi “Proparco”, “Rothschild & Co.”, Fransiya taraqqiyot agentligi, “Bpifrance”, “Meridian”, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda salohiyatli investorlar vakillari bilan B2G formatida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralarda Yangi Toshkentdagi istiqbolli transport loyihalari, infratuzilma tashabbuslarini moliyalashtirish va amalga oshirishda hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

2–6-noyabr kunlari Parijda bo‘lib o‘tayotgan “Paris Infraweek” o‘ninchi forumi transport, energetika va boshqa strategik sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, banklar, investitsiya fondlari va infratuzilma kompaniyalari vakillarini birlashtirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish