O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida tibbiyot texnologiyalari bo‘yicha ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Noyabr 04, 2026. 18:30 • 2 daq

• 5
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida tibbiyot texnologiyalari bo‘yicha ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

MINSK, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand davlat tibbiyot universiteti vakillaridan iborat delegatsiya Belarus Milliy fanlar akademiyasining Genetika va sitologiya institutiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus tibbiyot tizimlariga zamonaviy DNK-diagnostika usullarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Yurtimiz delegatsiyasi vakillari ushbu tibbiyot muassasasi olimlarining ilmiy-amaliy faoliyati, Respublika genom biotexnologiyalari markazi hamda Mikrobiomni o‘rganish respublika markazining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekistonlik mutaxassislarga genom texnologiyalari, personallashtirilgan tibbiyot va molekular-genetik diagnostika sohasidagi so‘nggi ishlanmalar hamda zamonaviy jihozlar namoyish etildi.

Tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik bitimi loyihasini tayyorlashga kelishib oldi. Ushbu hujjatda sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy DNK-diagnostika usullarini rivojlantirish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha birgalikda ish olib borish belgilangan.

Ilmiy muassasa vakillarining ta’kidlashicha, ushbu xizmat safari ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-ta’lim aloqalarini yanada kengaytirish hamda tibbiy genetika sohasidagi xalqaro sheriklikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish