O‘zbekiston Prezidenti: Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir
May 08, 2026. 13:03 • 5 daq
• 189TOSHKENT, 8-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushining tugaganiga qariyb 81 yil bo‘ldi. Shuncha vaqt o‘tsa-da, urushning achchiq tarixi, u olib kelgan mislsiz kulfat va musibatlar insoniyat xotirasidan o‘chgani yo‘q. Aksincha, bu mudhish xotiralar bizga tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini doimo eslatib turadi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni zamirida ana shunday mohiyat mujassam.
Davlatimiz rahbari G‘alaba bog‘ida ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi.
Anʼanaga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Mazkur muazzam obida urushda xalqimiz chekkan azob-uqubatlar, matonat va yo‘qotishlarning ifodasidir.
– Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Maʼlumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.
Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.
Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
– Bir yil oldin mana shu hududda “Millat fidoyilari” majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik anʼanalari davomiyligini eslatib turadi, – dedi Prezidentimiz.
Majmuada mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot organlari xodimlarining nomlari muhrlab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari ota-onalarga shunday bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Xalqimiz navqiron yoshda dushmanga qarshi o‘zini qalqon qilgan bunday fidoyi qahramon o‘g‘lonlarimizni hech qachon unutmaydi. 2025-yilning o‘zida bu majmuani 650 mingga yaqin yurtdoshimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan.
Bu yerda ko‘plab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tarix, vatanparvarlik, “Kelajak soati” darslari o‘tkazilmoqda. Bunday ishlar, maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega va ularni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Joriy yil buyuk Amir Temur bobomizning 690 yillik tavallud sanasi yurtimizda, chet ellarda keng nishonlanyapti.
Sohibqiron bobomizning davlatchilik, jasorat va qahramonlik mashʼalasi bugun ham porlab turibdi. Bu ulug‘ anʼanani jasur askar, ofitser va generallarimiz munosib tarzda davom ettirmoqda. Ular bizning katta boyligimiz, Vatanimizning ishonchli va mustahkam qalqonlari ekani taʼkidlandi.
– Bugun bu yerda saf tortib turgan “Temurbeklar maktablari” o‘quvchilari, mard harbiylarimiz timsolida Alpomish, Manguberdi va Amir Temurlarning yangi avlodini ko‘ramiz. Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm va tajriba maktabi nafaqat muzeylarimiz, balki qalbimizga ham qaytmoqda. Bamisoli ular qayta tirilib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini biz bilan birga barpo etmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini borib ko‘rgan har bir odam buni chuqur his etadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, Vatanni himoya qilish – davlat va xalq uchun hech qachon kun tartibidan tushmaydigan masala. Bu barchamiz uchun – muqaddas va buyuk burch. Ayniqsa, bugungi o‘ta tahlikali zamonda bu o‘n karra, yuz karra dolzarb bo‘lib bormoqda.
Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanadi. Ushbu ulug‘ sana “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu shior asosida kutib olinayotgani zamirida, albatta, chuqur maʼno bor.
– Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda bo‘layotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni ko‘rib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq bo‘lib kelayotgan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.
“Millat fidoyilari” xiyoboni kechayu kunduz jasorat ovozi yangrab turadigan, tinchlik uchun kurashga chorlaydigan qutlug‘ maskan bo‘lib qolishi, minglab, millionlab Vatan posbonlarini tarbiyalashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimizning oila aʼzolari va farzandlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


