Logo

O‘zbekiston Prezidenti raisligida jamoat transporti tizimini yana-da rivojlantirish choralari ko‘rib chiqildi

May 07, 2026. 18:35 • 4 daq

233
O‘zbekiston Prezidenti raisligida jamoat transporti tizimini yana-da rivojlantirish choralari ko‘rib chiqildi

TOSHKENT, 7-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun hududlarda jamoat transportini yana-da yaxshilash va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda aholiga qulay, xavfsiz va ekologik toza jamoat transporti xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobuslar olib kelindi. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yo‘nalish yo‘lga qo‘yildi.

Natijada har kuni yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetdi. Kunlik qatnovlar soni 2022-yildagi 18 mingtadan 45,2 mingtaga, yo‘lovchilar oqimi esa 900 ming nafardan 2,3 million nafarga oshdi. Shu orqali 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Taqdimotda jamoat transportini yana-da rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Urbanizatsiya jarayonlari tezlashayotgani, poytaxt va viloyat markazlariga tutash hududlarda aholi harakati keskin ko‘paygani sababli shaharlarga kirishda qatnovlar 30 foizga oshgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish taklif qilindi. Bunda shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Nazarbek, Mineral suvlar va Uch Qahramon hududlarini poytaxt bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Umuman, poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida 79 ta shunday yo‘nalish tashkil etish rejalashtirilgan.

Poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarini o‘zaro bog‘lash maqsadida “elektropoyezd – avtobus”, “elektropoyezd – metro” kabi qulay tariflarni joriy etish taklif qilindi.

Qolaversa, viloyat markazlarida jamoat transporti harakat tarkibini yangilash zarurligi taʼkidlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududlarda yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslarga ehtiyoj bor. Shu bois, zamonaviy avtobuslar olib kelishni rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, kredit liniyalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif qilindi.

Taqdimotda avtobus haydovchilari uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda ayrim haydovchilar meʼyordan ortiq ishlayotgani xizmat sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani qayd etildi. O‘tgan yili poytaxtning o‘zida haydovchilarning xatti-harakatlari va muomalasi yuzasidan aholidan 1 ming 670 ta shikoyat kelib tushgan. Avtobuslar ishtirokida 109 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Shu munosabat bilan brutto-shartnoma tizimini takomillashtirish, bir avtobusga to‘g‘ri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish, harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Jamoat transportida bajarilgan ish hajmi va sifatini baholash uchun har bir viloyatda dispetcherlik markazlari tashkil etilgan. Buning natijasida harakat jadvaliga muvofiq bajarilayotgan qatnovlar ulushi 90 foizga yetdi.

Endi ushbu tizimlarga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali yo‘lovchilar oqimiga mos ravishda avtobuslar harakatini tashkil qilish taklif etilmoqda. Bu bir yo‘lovchini tashish tannarxini 10-15 foizga qisqartirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari jamoat transportini rivojlantirishda aholi soni ko‘p shaharlar bilan birga turizm markazlarini ham qamrab olish zarurligini taʼkidladi.

Samarqand va Namanganni aholisi bir millionlik shaharlarga aylantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, mazkur hududlarda aholi va sayyohlar uchun zamonaviy “yashil transport” yo‘nalishlarini ko‘paytirish bo‘yicha aniq master-rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Oxirgi yillarda Xiva shahriga turistlar oqimi 3 karra ko‘paygani, bu esa qulay jamoat transportiga ehtiyojni keskin oshirgani qayd etildi. Shu bois, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon kabi yirik turizm maskanlarida ham jamoat transportini rivojlantirish dasturini boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz jamoat transporti aholi kundalik hayoti sifati, shaharlardagi harakat madaniyati, ekologiya va iqtisodiy faollik bilan bevosita bog‘liq muhim soha ekanini taʼkidlab, mutasaddilarga transport xizmatlari qulayligi va xavfsizligini oshirish, yo‘nalishlarni aglomeratsiya tamoyili asosida kengaytirish, sohada raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish