O‘zbekiston Prezidenti jasorat va matonat sohiblariga yuksak ehtirom ko‘rsatdi
May 08, 2026. 14:44 • 2 daq
• 191TOSHKENT, 8-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan dildan suhbatlashdi. Nuroniylarning hol-ahvoli va salomatligi bilan qiziqdi. Ularning mashaqqatli hayot yo‘li hamda ko‘rsatgan jasoratlarini alohida eʼtirof etdi.
– Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, o‘gitlaringizni tinglash bizga katta maʼnaviy kuch bag‘ishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yo‘lingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir, – dedi Prezidentimiz.
Prezidentning joriy yil 16 apreldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari davlatimizning doimiy g‘amxo‘rligida. Ularga moddiy va maʼnaviy ko‘mak berish barobarida salomatliklarini tiklash uchun respublikamizning eng yaxshi sanatoriylariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilgan.
– Yaratgan sizlarga vatanparvarlik va fidokorona mehnatingiz mukofoti sifatida uzoq umr, el-yurt ardog‘ida yashash baxtini ato etgan. Sizlarning duolaringiz yurtimiz uchun omonlik, ishlarimizga barakadir, – dedi Prezidentimiz.
Uchrashuvda nuroniylar yurtimizda tarixiy xotirani tiklash, keksalarni eʼzozlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




