O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

Iyun 04, 2026. 12:10 • 2 daq

86
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

TOSHKЕNT, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti va qardosh xalqini mamlakatning 2027-2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston yetakchisi mazkur muvaffaqiyat Qirg‘izistonning faol tashqi siyosati hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilayotganining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

Tomonlar xalqaro maydonda yaqindan muvofiqlashtiruv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. 

Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Oliy darajadagi uchrashuvlar davomida erishilgan, eng avvalo, iqtisodiyot, transport, energetika sohalarida, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish