O‘zbekiston Prezidentiga kimyo sanoatini rivojlantirish yo‘lidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi
Iyun 02, 2026. 13:34 • 3 daq
• 109
TOSHKENT, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “BCG Group OZ” korxonasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish iqtisodiyot rivojining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda tashkil etilgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki bugungi kunda sohadagi yangi avlod sanoat maydonlaridan biri sifatida shakllanib ulgurdi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 3-fevraldagi tegishli qarori ijrosi doirasida barpo etilgan mazkur texnopark kimyo mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish maqsadiga xizmat qilmoqda. Umumiy maydoni 26,4 gektar bo‘lgan hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga 25 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.
Texnoparkning investitsiyaviy jozibadorligi aniq raqamlarda o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, 2025-yilda 56 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilib, 758 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yil davomida korxonalar tomonidan 60 million dollarlik 150 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarildi.
Kelgusi rejalar ham ulkan. 2030-yilga qadar investitsiyalar hajmini 207 million dollarga, tovar mahsuloti ishlab chiqarishni 294 million dollarga, eksportni 48 million dollarga yetkazish hamda ish o‘rinlari sonini 2 ming 300 taga oshirish belgilangan.
Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyevga texnopark faoliyati, shuningdek, kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy loyihalar taqdimot qilindi.
Bugungi kunda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish agrar sektor barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Yiliga 3,7 million tonna o‘g‘it ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, import qilinayotgan fosforli va suvda eruvchan o‘g‘itlarga bo‘lgan talab tarmoqni yana-da modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda. Bu borada 2,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.
Neft-kimyo tarmog‘ida esa polimerlarga bo‘lgan ichki ehtiyoj ortib bormoqda. 2032-yilga borib, mazkur ehtiyoj 3,2 million tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda. Angrenda “Ko‘mirdan olefinlar olish” va Qo‘ng‘irotda “Naftani qayta ishlash” kabi yirik loyihalarning amalga oshirilishi ushbu talabni to‘liq qondirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.
Maishiy kimyo sohasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Investitsiya loyihalari orqali import hajmini ikki barobarga qisqartirish, ichki iste’molni mahalliy mahsulotlar hisobiga 64 foizgacha yetkazish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish ko‘zda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti "Chirchiq" texnoparkidagi maishiy va avtomobil kimyosi ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi

O‘zbekiston Prezidenti Prezidentimiz "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparki hududidagi korxonani borib ko‘rdi


