O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish vazifalari belgilandi
Iyun 02, 2026. 16:35 • 5 daq
• 128
TOSHKЕNT, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodiyotimiz jadal rivojlanib, so‘nggi yillarda sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
Bundan 9-10 yil avval mamlakatimizda kimyo mahsulotlarining asosiy qismini mineral o‘g‘itlar tashkil qilgan. Keyingi yillarda sohaga 8 milliard 300 million dollar investitsiya kiritilib, 87 ta yirik quvvat ishga tushirildi.
PVX, “yashil” vodorod, ko‘pikli polipropilen, BOPP plyonka kabi 60 dan ziyod turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bu orqali iqtisodiyot tarmoqlarida minglab yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo bazasi yaratildi.
Natijada sohada eksport 3 karra o‘sdi, ishchilar soni 50 ming nafardan oshdi.
Shu bilan birga, tarmoqda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. So‘nggi to‘qqiz yilda respublika sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyo sanoatida bu ko‘rsatkich 3 foizga ham yetmagan. Kimyo mahsulotlari importi 4 barobar oshib, yiliga 4,5 milliard dollarga yetgan.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati asosan o‘z tizimidagi yirik korxonalar bilan cheklanib qolayotgani, sohadagi 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlash, ularning muammo va takliflarini eshitish sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda mahsulotlar tarkibini o‘zgartirish, qo‘shilgan qiymatni oshirish va energiya sarfini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda yiliga 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1 milliard 70 million kub metr gaz sarflanmoqda. Shu bilan birga, ilg‘or davlatlar selitra iste’molini kamaytirib, qishloq xo‘jaligida karbamid va suvda eruvchan o‘g‘itlar, tog‘-kon sanoatida esa g‘ovaksimon selitradan foydalanishga o‘tmoqda.
Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil bo‘lgan g‘ovaksimon selitrada qo‘shilgan qiymat 2 barobar yuqori. Mutasaddilar va kimyo korxonalari rahbarlari bunday loyihalarni ko‘paytirish haqida jiddiy o‘ylashi kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, “Navoiyazot”da ishlab chiqarilayotgan 1 tonna sian tuzining narxi 3 ming 700 dollar bo‘lsa, undan yelim ishlab chiqarilganda qiymati 8 ming dollargacha oshishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mas’ullarga “Navoiyazot” yonidagi klasterda 1 milliard dollarlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihasini boshlash topshirildi.
Geologiyada mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish orqali ham qo‘shilgan qiymatni bir necha barobar oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiyda 550 million tonna natriy va kaliy, 20 million tonna bentonit zaxiralari bor. Ushbu xomashyo chuqur qayta ishlanib, kaustik soda ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymat 3 barobar oshadi.
Jizzaxda 1,5 million tonna, Qoraqalpog‘istonda 500 ming tonna serpentinit zaxirasi aniqlangan. Unga sulfat kislotasi bilan ishlov berilsa, tonnasi 5 ming dollargacha bo‘lgan magniy oksidi olish mumkin. Serpentinit yanada chuqur qayta ishlansa, nikel, xrom va kobalt olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa elektrotexnika sanoati uchun muhim xomashyo hisoblanadi.
Mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit, serpentinit kabi kimyo sanoati uchun zarur xomashyo zaxiralarini 2 barobar oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi. Serpentinit xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha kamida 200 million dollarlik loyihalarni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Mamlakatimizga yiliga 300 million dollarlik maishiy kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Mintaqada esa bunday mahsulotlar uchun 2 milliard dollarlik bozor mavjud.
Misol uchun, “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkor dunyoga mashhur “Henkel” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hozir ushbu korxona “Henkel” tomonidan sotib olingan bo‘lib, bu yerdan Hamdo‘stlik davlatlariga mahsulot yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
Bunday loyihalarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo loyihalari uchun ajratiladi. Ishga tushirilgan korxonalarni brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan ushbu yo‘nalishga 50 million dollar yo‘naltiriladi.
Boshqa viloyatlardagi shunday loyihalar uchun Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 15 million dollar ajratiladi. Umuman, mutasaddilarga maishiy kimyoda kamida 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda mineral o‘g‘itlar bozoridagi imkoniyatlar ham tahlil qilindi.
Dunyoda mineral o‘g‘itlarga talab yiliga 5 foizdan o‘smoqda va 2030-yilda 260 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, yangi agrotexnologiyalar hisobiga suvda eruvchan o‘g‘itlarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda.
Kelgusi uch yilda soha mas’ullari va hokimlar oldida 2 milliard 800 million dollarlik 42 ta loyihani ishga tushirish vazifasi turibdi. Bu orqali 2030-yilga borib, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini 2,8 million tonnadan 4 million tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga, suvda eruvchan o‘g‘itlarni 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.
Suvda eruvchan o‘g‘itlar, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo bo‘yicha rejalashtirilgan yirik loyihalar hisobidan nanokimyo, “yashil” kimyo, supermolekular kimyo, sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlarda kadrlarga talab ortishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan kimyo sanoatida ta’lim, tadqiqot, laboratoriya va startaplarni qamrab olgan yaxlit tizim yaratilishi belgilandi.
Buning uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 60 gektar maydonda kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil etiladi. Ushbu klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo qilinadi. Markazda tajriba-sinov ishlari bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.
Umuman, kimyo sanoatida 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu katta marralarga erishish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan “O‘zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida kimyo sanoati mas’ullari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidentiga kimyo sanoatini rivojlantirish yo‘lidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi

O‘zbekiston Prezidenti "Chirchiq" texnoparkidagi maishiy va avtomobil kimyosi ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi


