O‘zbekiston va O‘mon o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdilar

Noyabr 17, 2026. 12:55 • 3 daq

• 124
O‘zbekiston va O‘mon o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdilar

TOSHKЕNT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said bugun Masqat shahridagi “Al-A’lam” saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidenti samimiy qabul va ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun Sultonga minnatdorlik bildirib, O‘mon yetakchisi va do‘st xalqini yaqinlashib kelayotgan bayram – O‘mon milliy kuni bilan chin dildan qutladi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish hamda hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqot va idoralararo almashinuvlar faollashgani, tovar ayirboshlash hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oliy darajadagi tashrif arafasida Masqatda Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar tashkil etildi.

Joriy yil iyul oyidan ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilgani yuqori baholandi.

Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, energetika hamda elektrotexnika, kimyo va tog‘-kon sanoati, shaharsozlik va turizm, qishloq xo‘jaligi, kosmik tadqiqotlar hamda raqamlashtirish sohalari ko‘rsatib o‘tildi.

Qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston – O‘mon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki barobarga oshirib, 500 million dollarga yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘mon mablag‘lari ishtirokida tuzilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamg‘armasi faoliyatini tez fursatlarda yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, yoshlar forumini tashkil etish, noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va birgalikda tadqiq qilish, qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” formati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi bildirildi.

Ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qildilar.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini ta’minlash uchun “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish hamda Muvofiqlashtiruvchi kengash mexanizmini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti O‘mon Sultonini mamlakatimizga davlat tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish