YUNЕSKO bosh qarorgohida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti o‘tkazildi
Oktabr 09, 2026. 14:00 • 2 daq
• 64PARIJ, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. YUNЕSKOning Parijdagi bosh qarorgohida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Movarounnahr buyuk mutafakkirlarining ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur xalqaro tadbirda 300 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatlar, olimlar hamda madaniyat arboblari qatnashdi.
Ochilish marosimida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi raisi Xondker Muhammad Talha, tashkilot Ijroiya kengashi raisi Nosir bin Hamad al-Xinzab, YUNЕSKO Bosh direktorining tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rinbosari Deniz Pires de Karvalyo va ICESCO Bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Movarounnahr ilmiy va ma’naviy merosining jahon sivilizatsiyasidagi ulkan ahamiyatini alohida ta’kidladi. Xondker Muhammad Talha mintaqaning buyuk mutafakkirlari ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shganini e’tirof etgan bo‘lsa, Nosir bin Hamad al-Xinzab O‘zbekistonning islom merosini asrab-avaylash hamda ommalashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga to‘xtalib, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Deniz Pires de Karvalyo al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bekning ilmiy kashfiyotlariga e’tibor qaratdi. Ularning merosi zamonaviy tadqiqotlar hamda raqamli texnologiyalar asrida ham dolzarb ekanini ta’kidladi. Salim bin Muhammad al-Malik ICESCOning madaniy merosni asrash va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralarda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhon Nizomiy, Jeneva diplomatik doirasi prezidenti Robert Blum hamda boshqa xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Ular islom sivilizatsiyasining tarixiy ta’siri va uning boy merosini kelgusida yanada chuqur o‘rganish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazining YUNЕSKO va xalqaro ilmiy muassasalar bilan hamkorligini kengaytirish istiqbollarini belgilab oldi. Mazkur taqdimot O‘zbekistonning ilmiy-madaniy merosini targ‘ib qilish hamda xalqaro muloqotni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



