O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidagi nutqi

Sentabr 16, 2026. 15:05 • 7 daq

151
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidagi nutqi

(2026-yil 16-sentabr, Seul sh.)

Hurmatli Li Chje Myon Janobi Oliylari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Go‘zal Seul shahrida yana bir bor bo‘lib turganimdan g‘oyat mamnunman. Ushbu megapolisga tashrif buyurar ekanman, uning jadal taraqqiyoti va betakror qiyofasi meni har safar hayratga soladi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon Janobi Oliylariga tarixdagi birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti yuksak darajada tashkil etilgani va samimiy mehmondo‘stlik uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Ushbu noyob hamkorlik platformasining muhimligi haqida bildirilgan fikrlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Koreya Respublikasi strategik jihatdan uzoqni ko‘zlab ish tuta olishini namoyish etgan holda, Markaziy Osiyo timsolida yaqin va o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ulkan salohiyatni 2007-yildayoq birinchilardan bo‘lib ko‘rdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar teng huquqlilik va o‘zaro hurmat asosida barpo etilmoqda. Hamkorligimizning maqsadlari mutlaqo ochiq, pragmatik va bunyodkorlik xususiyatiga ega.

Biz Koreya tomonining mamlakatlarimizni sanoatlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratishga qo‘shayotgan salmoqli hissasini samimiy qadrlaymiz.

Muhtaram Prezident Janoblari, O‘zbekiston Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlik o‘rnatish borasida olib borayotgan siyosatingizni qatʼiy qo‘llab-quvvatlaydi.

Bizning mustahkam aloqalarimizning ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi. Ular Buyuk ipak yo‘lidagi karvon izlaridan boshlanadi. Ushbu mustahkam do‘stlik zamirida nafaqat o‘zaro manfaat, balki maʼnaviy-axloqiy qardoshlik ham mujassam.

Keksa avlodga chuqur hurmat, halol mehnatni qadrlash, ona zaminga mehr va sadoqat kabi asosiy hayotiy qadriyatlar xalqlarimiz uchun birdek yaqindir.

Ko‘pmillatli Markaziy Osiyo oilasining ajralmas qismiga aylangan koreys diasporasi xalqlarimizning birdamligi va o‘zaro hurmat-ehtiromining yorqin ramzidir.


Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bizning bugungi kundagi asosiy vazifamiz faqat hamkorlik bo‘yicha erishilgan surʼatni saqlab qolish emas, balki bu muvaffaqiyatlarni yanada yuqori sifat bilan oldinga borishning poydevoriga aylantirishdan iborat.

Markaziy Osiyo jahon bozorlaridagi beqarorlikka qaramasdan, 6 foizdan ziyod o‘sish surʼatlarini namoyish etmoqda. Umumiy yalpi ichki mahsulot hajmi 500 milliard dollardan oshdi.

Sakson million nafardan ortiq aholiga ega bo‘lgan mamlakatlarimiz ishonch bilan Yevroosiyoning “barqarorlik mintaqasi” va “global bog‘liqlik markazi”ga aylanib bormoqda.

O‘z navbatida, Koreya Respublikasi zamonaviy texnologiyalar, innovatsiya va ilm-fanga asoslangan ishlab chiqarish sohasida dunyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.

Ishonchim komilki, ushbu ikki qudratli salohiyatning qo‘shilishi biz uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish borasida yangi ufqlar ochadi.


Hurmatli hamkasblar!

Bugun sizlar ilgari surgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan holda, men hamkorlikning beshta strategik yo‘nalishi bo‘yicha takliflarimizni bildirmoqchiman.

Birinchi yo‘nalish hamkorligimizni rejalashtirishning uzoq muddatli ufqlarini shakllantirishni qamrab oladi.

Bugungi zamonaviy dunyodagi global o‘zgarishlar surʼati davlatlarning unga moslashish imkoniyatidan tobora ilgarilab ketmoqda. Sunʼiy intellekt mehnat bozori va butun boshli sanoat tarmoqlarini o‘zgartirmoqda. Iqlim va suv bilan bog‘liq xavf-xatarlar kelgusi bir necha o‘n yilliklar uchun mo‘ljallangan yechimlarni ishlab chiqishni talab qiladi. Taʼlim, infratuzilma, texnologiya va inson kapitaliga nisbatan yangi talablar paydo bo‘lmoqda.

Bunday sharoitda voqealar rivojini chuqur anglash, taraqqiyot borasida paydo bo‘layotgan imkoniyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni amalga oshirish uchun sharoit yaratish qobiliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ana shu tahdidlarga javoban “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” deb nomlangan uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqishni taklif qilamiz. Uning bosh maqsadi – kelajakda mamlakatlarimizga qanday kompetensiyalar, ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma, kadrlar va mutaxassislar kerak bo‘lishini oldindan belgilab olishdir.

Ushbu hujjatdagi vazifalarni amalga oshirish uchun Jadal rivojlanish loyihalari portfelini shakllantirish muhim, deb hisoblaymiz. Unga mamlakatlarimiz uchun yangi o‘sish manbalari va uzoq muddatli imkoniyatlarni yaratishga qodir bo‘lgan, katta burilish yasaydigan tashabbuslar kiritilishi kerak.

Raqamli kelajak xavfsizligini taʼminlash masalasi ham umumiy eʼtiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini yaratish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish o‘ta muhim, deb hisoblaymiz.

Bunday munosabatlar natijasida bizning hamkorligimiz yagona strategik yondashuv va ertangi kunimizning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda barpo etiladi.

Ikkinchi soha bizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarimizni yagona biznes mantig‘i doirasida birlashtirishga qaratilgan.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo faqat xomashyo yetkazib beradigan mintaqa emas. Mamlakatlarimiz innovatsion va texnologik hamkorlik uchun imkoniyatlarni kengaytirgan holda, qo‘shimcha qiymatning global zanjirlariga faol qo‘shilmoqda.

Bizning mintaqamiz savdo bo‘yicha xavf-xatar zonalaridan tashqarida joylashgan ishlab chiqarish maydonlariga ega ekani va mahsulotlarga talab tez o‘sib borayotgani bilan Koreya Respublikasi uchun Yevroosiyodagi almashtirib bo‘lmaydigan hamkorga aylanishi mumkin.

Biz sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini yaratish to‘g‘risidagi tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu muvofiqlashtiruvchi mexanizmning taʼsis etilishi o‘zaro savdoni sezilarli darajada ko‘paytirish uchun birgalikda samarali yechimlarni topish imkonini beradi.

To‘siqlarni bartaraf etish, sertifikatlash bo‘yicha tartib-taomillarni va mahsulotlarning mahalliy savdo platformalariga o‘zaro kirib borishini soddalashtirish yuzasidan taʼsirchan chora-tadbirlarni ko‘rish muhimdir.

Aminmanki, ushbu qadamlar bizga ulkan, ammo to‘liq erishsa bo‘ladigan maqsadni amalga oshirish – 2030-yilga borib mintaqamiz mamlakatlarining Koreya bilan savdo aylanmasini 20 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.

Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish doirasida O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologiya parkini joylashtirishga tayyormiz. Ushbu park mintaqa bozori uchun innovatsion ishlab chiqarish bazasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarni avtokomponentlar, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika va kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratish taklif etiladi.

Bundan tashqari, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchi, deb hisoblaymiz.

Kelgusi yili Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Koreya uchinchi hududlararo forumida barcha mamlakatlardan mahalliy hokimlik va biznes vakillarini ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz.

Uchinchi yo‘nalish nodir minerallar sohasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochishga qaratilgan.

Bu yo‘nalish Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida strategik manfaatlarning noyob uyg‘unligini yaratadi. Ushbu qimmatbaho xomashyoga bo‘lgan talab tez o‘sib borayotgani va uning Markaziy Osiyodagi ulkan zaxiralarini hisobga olgan holda, mintaqa jahon bozorida yetakchi yetkazib beruvchilardan biriga aylanishga qodir. Bu borada Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va kapitali hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.

Shu munosabat bilan biz nodir minerallar bo‘yicha mintaqaviy investitsiyaviy alyansni tashkil etishni taklif etamiz. Mazkur tashabbus mintaqada ishlab chiqarishning barcha bosqichlari – geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan yirik sanoat klasterlarini tashkil etishga qaratilgan.

Hamkorligimizning to‘rtinchi yo‘nalishi “yashil” taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga moslashish ehtiyojlaridan kelib chiqadi.

Koreya, Parij kelishuvi doirasida, xorijiy mamlakatlarda iqlimga oid loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan, bizning mintaqamiz esa “yashil” investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish va ishonchli platforma bo‘lishga tayyor.

Ushbu imkoniyatlarni birlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha formatni ishga tushirishni taklif etamiz.

Biz iqlim, energetik o‘tish va havo sifati bo‘yicha qo‘shma tashabbusni olqishlaymiz. Umid qilamizki, bu Koreya texnologiyalari transferiga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining davriy va kam uglerodli iqtisodiyotga muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam beradi.

Beshinchi yo‘nalish fundamental ahamiyatga ega bo‘lib, yosh avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikda ishlashni nazarda tutadi.

Markaziy Osiyo – alohida demografik energiyaga ega bo‘lgan mintaqa bo‘lib, aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Aynan yosh avlod mamlakatlarimizning raqobatbardoshligini belgilaydi.

Biz muhandislik, texnologiya va raqamli sohalardagi mutaxassislarga talab ortib borayotgan vaziyatga duch kelmoqdamiz.

Biz uchun yosh avlod kelgusida ilg‘or bilimlar, ko‘nikmalar va xalqaro tajribadan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan holda, zamonaviy texnologik iqtisodiyotning bir qismiga aylanishi juda muhimdir.

Shu munosabat bilan inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirishni taklif etamiz. Bu hamkorlik “buyurtma – o‘qitish – bandlik” degan aniq tamoyilga asoslanishi kerak.

Biz istiqbolni Koreya biznesining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini mintaqamizning taʼlim sohasidagi salohiyati bilan bevosita bog‘lashda ko‘rmoqdamiz. Bunday yondashuv ko‘plab isteʼdodli yoshlar uchun kasbiy rivojlanish uchun yo‘l ochadi va qo‘shma loyihalarimiz bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni kafolatlaydi.

Ayniqsa, sunʼiy intellekt texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish va joriy etish, mintaqada keng qamrovli texnologik baza va ko‘nikmalarni yaratishda yoshlarning alohida o‘rni va roliga talab katta.

Prezident Li Chje Myon Janobi Oliylarining “O‘xshashi yo‘q Koreya” doktrinasini ushbu keng ko‘lamli jarayon uchun Markaziy Osiyodagi asosiy tayanch maydonlardan biriga aylantirishni taklif etamiz.


Qadrli do‘stlar!

Biz birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan hamkorligimizni kengaytira olamiz, uni yangi loyihalar bilan to‘ldirib, mavjud ulkan salohiyatdan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida foydalana olamiz, deb ishonaman.

So‘zimning yakunida O‘zbekiston kelgusi yilda Koreya Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqamizda yashay boshlaganining 90 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini eng yuqori darajada o‘tkazishga tayyor ekanini taʼkidlamoqchiman.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish