Italiya OAVda O‘zbekiston Prezidentining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi va “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti keng yoritilmoqda
Sentabr 16, 2026. 15:30 • 3 daq
• 86RIM, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. Italiyaning yetakchi “Notiziye Geopolitiche” va “Agenparl.eu” nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi hamda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-sentabr kuni Prezident Li Chje Myonning taklifiga binoan Toshkent va Seul o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash hamda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitida ishtirok etish maqsadida Koreya Respublikasiga davlat tashrif buyurdi. Bu Prezidentning 2017 va 2021-yillardagi tashriflaridan keyingi Seulga uchinchi davlat tashrifidir.
Italiya OAV tashrifning yuqori saviyada tashkil etilgani va uning boy dasturiga alohida to‘xtalgan. Maqolalarda qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston Birinchi xonimi Seul aviabazasida faxriy qorovul va artilleriya salyuti bilan kutib olindi.
Italiya nashrlarida yozilishicha, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Li Chje Myon o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar alohida strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashga qaratildi.
Maqolalarda tomonlar umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollar bo‘lgan qo‘shma loyihalarning investitsiya portfelini kelishib olganliklari hamda Koreya Eksport-import banki bilan yangi strategik sheriklik dasturini qabul qilganliklari taʼkidlanadi.
Muzokaralar yakunida transport, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sunʼiy intellekt, taʼlim, tibbiyot mahsulotlarini tartibga solish, ekologiya va arxiv ishi sohalarida qator bitimlar imzolandi.
Erishilgan kelishuvlar orasida Italiya nashrlari 2024-yilda O‘zbekistonda “Korea Train Express” texnologiyasini joriy etish bo‘yicha imzolangan 196 million dollarlik bitimni hamda Urganch aeroportini modernizatsiya qilish uchun “Incheon International Airport Corporation” bilan tuzilgan 223 million dollarlik shartnomani alohida eʼtirof etgan.
Italiya OAV maqolalarida O‘zbekiston Prezidentining Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashuviga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Qayd etilishicha, diaspora so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengaygan. O‘zbekiston Markaziy banki maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Koreyada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 95 ming kishiga yaqinlashgan.
Maqolalarda, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashrifining mintaqaviy ahamiyati qayd etilgan. Tashrif doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston yetakchilari ishtirokida Seulda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Italiya nashrlari maʼlumotiga ko‘ra, Koreya Prezidenti Li Chje Myon ushbu uchrashuvni davlat rahbarlari darajasidagi ko‘p tomonlama format orqali Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam deb atadi.
Sammit kun tartibining markazida savdo, investitsiyalar, infratuzilma va raqamli transformatsiya masalalari turdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi kelajakdagi hamkorlik ustuvorliklarini belgilab beruvchi Seul deklaratsiyasi qabul qilinishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

