O‘zbekiston Prezidenti “Maroqand sifat” klasteri tizimidagi korxona faoliyati bilan tanishdi
Mart 18, 2026. 16:01 • 4 daq
• 135
TOSHKENT, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Narpay tumanida joylashgan “Maroqand sifat” klasteri tizimida chiqindisiz texnologiya tamoyili asosida ish olib borayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, klasterda paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjiri shakllantirilgan. Xususan, paxta va urug‘lik yetishtirish, yog‘-moy ishlab chiqarish, tola va ip-kalava tayyorlash, shuningdek, tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni qamrab olgan 25 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bunday yondashuv qishloq xo‘jaligi va sanoatni uzviy bog‘lash orqali yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini bermoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida korxona ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yiliga 5,5 ming tonna, tayyor trikotaj mahsulotlari bo‘yicha esa 1 million dona quvvatga ega bo‘ldi. Mazkur ko‘rsatkichlar 10 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa klasterning ichki va tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlashga zamin yaratadi.
Korxona faoliyatining yana bir muhim jihati aholi bandligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasidir. Ayni paytda bu yerda 1 ming nafar doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, mavsumiy ishlar davrida yana 3 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanmoqda.
“Maroqand sifat” klasterining mato qoldiqlarini qayta ishlash orqali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi ilg‘or va samarali tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Loyiha tarkibida biolaboratoriya hamda tikuv sexlari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, tikuv sexlarida foydalanib bo‘lingan mato qoldiqlari tashlab yuborilmaydi. Ular zamonaviy, yuqori tezlikda ishlovchi uskunalar orqali qayta ishlanib, yana ip-kalava holatiga keltiriladi. Ushbu yo‘nalishda yillik tola ishlab chiqarish quvvati 5 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 7 million dollar bo‘lib, u 3,3 gektar maydonda joylashgan. Korxonada 500 nafar aholining doimiy bandligi ta’minlangan. Shu bilan birga, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarning joriy etilgani uning iqtisodiy samaradorligini yana-da oshirmoqda.
Hozirda korxona hududida quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali ishlab chiqarish jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanilmoqda. Bu korxonaning energiya xarajatlarini kamaytirish bilan birga “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi va tikuv sexida mehnat qilayotgan xodimlar bilan samimiy suhbat qurdi.
– Sizlar bilan uchrashganimdan mamnunman. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, tashkil etilgan ish o‘rinlari aholining bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti. Har bir amalga oshirilayotgan loyiha – yurtimizdagi ulkan o‘zgarishlarning bir qismi. Albatta, ish o‘rinlariga talab oshib bormoqda. Shuning uchun biz yanada faol ishlayapmiz, har bir hududda yangi imkoniyatlar yaratishga harakat qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerning o‘zida Prezidentimizga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.
Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiya DXSh asosida xususiy sektorga berilgan. O‘tgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 milliard so‘m investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya iste’moli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishildi.
Umuman, Samarqand viloyatining suv xo‘jaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 72 nafar talabaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yo‘nalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi