Hindiston matbuoti: Islom sivilizatsiyasi markazi global miqyosdagi noyob megaloyihaga aylanmoqda
Mart 18, 2026. 17:15 • 3 daq
• 11
DEHLI, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Hindistonda chop etiladigan nufuzli “Navbharat Times” nashrida Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, 2025-yil yanvar oyida O‘zbekiston yetakchisi Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ikki mingdan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion loyihalardan markaz ekspozitsiyalarida foydalanish bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar bergan edi.
Davlat rahbari tashrifidan so‘ng, bir yil davomida majmua binosi to‘liq qurib bitkazildi. Markaz faoliyatini takomillashtirish va uning mazmunini boyitish ishlariga 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassislar va dizaynerlar jalb etildi. Ularning barchasi Prezident tashabbusi va g‘oyalari bilan yaratilgan megaloyiha atrofida birlashgan.
“Yevroosiyoning qoq markazida – buyuk sivilizatsiyalar va imperiyalar vujudga kelgan, ming yillar davomida savdo yo‘llari, dinlar, ilmiy maktablar va madaniyatlar tutashgan zaminda O‘zbekistonda o‘ziga xos Islom sivilizatsiyasi markazi paydo bo‘ldi. Uning yaratilishi tasodif emas va bir lahzalik mulohazalar bilan belgilanmagan. Bu bevosita O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik dunyoqarashining ifodasidir”, deya taʼkidlangan maqolada.
Eʼlon qilingan materialda chet davlatlari rahbarlari hamda xalqaro yetakchilarning markaz haqidagi fikrlariga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yangi qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, “Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev BMTning yuksak minbaridan muloqot, maʼrifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini izchil ilgari surib kelayotgan buyuk va nufuzli yetakchidir”deya taʼkidlagan.
Bu so‘zlar jahon hamjamiyatida allaqachon shakllangan tushunchani aks ettiradi: Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston zamonaviy tarixni shakllantirishning faol ishtirokchisiga aylandi.
Ushbu majmua haqida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham yuqori baho berdi: “Bu ulkan va noyob inshoot. Bu ilmiy, turistik va etnomadaniy loyihadir. Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkin”.
Jahon ekspertlarining fikricha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy infratuzilma obyekti yoki madaniy siyosat ramzi emas. Bu O‘zbekiston rahbarining zamonaviy global tahdidlarga qarshi ongli sivilizatsiyaviy javobidir. Islom olami tarixida ilk bor sivilizatsiyalarning haqiqiy muloqoti uchun bunday keng ko‘lamli doimiy platforma yaratildi.
Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan eʼtirof etildi. Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, AQSHdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra, 2026-yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida eʼtirof etilgan.
Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026-yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, “BBC Travel” esa dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.
Nashrda qayd etilganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.
Yangi bunyod etilgan ushbu markaz Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metr. Majmua gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ortiq.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi