Logo

Rossiyada ozodlikdan mahrum etilgan hamyurtlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

Mart 08, 2026. 13:27 • 2 daq

51
Rossiyada ozodlikdan mahrum etilgan hamyurtlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

VLADIVOSTOK, 8-mart. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona xodimlari Xabarovsk o‘lkasi Amursk shahridagi 14-sonli, Komsomolsk-Amur shahridagi 7-sonli va Xabarovsk tumanidagi 13-sonli jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 75 nafar O‘zbekiston fuqarolari bilan konsullik uchrashuvi o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu muassasalarga amalga oshirilgan tashrif davomida bu yerdagi mahkumlar uchun ajratilgan turar-joy, umumiy ovqatlanish binolari va madaniy xordiq chiqarish uchun ajratilgan xonalar ko‘zdan kechirildi.

Ozodlikdan mahrum etilgan O‘zbekistonlik mahbuslar bilan suhbat davomida ularning ahvoli, salomatligi, mavjud muammo va kamchiliklari haqida fikr almashildi. Muassasa rahbariyati va xodimlari tomonidan qiynash yoki majburiy mehnatga jalb etish holatlari bor-yo‘qligi surishtirildi.

Mahbuslar bugungi kunda muassasadagi sharoitlar ularni qoniqtirayotgani, ularni qiynayotgan jiddiy muammo mavjud emasligini ma’lum qildi. Ular sud tomonidan belgilangan jazo muddatining qolgan qismini mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida o‘tashida amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi.

Bosh konsulxona xodimlari vatandoshlarning mazkur murojaati bo‘yicha Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma imzolanmagani sababli, ularning qolgan jazo muddatini yurtimizda o‘tashi uchun imkoniyat yo‘qligini ta’kidladi.

Hamyurtlarimiz jazo muddatini o‘tayotgan vaqtda chet el davlati harbiy tuzilmalariga yollangan taqdirda, ular O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi to‘g‘risida eslatib o‘tildi.

Suhbat yakunida, hamyurtlarimizga Bosh konsulxona manzili va telefon raqamlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etilib, muammolar yuzaga kelgan taqdirda aloqaga chiqishi mumkinligi tushuntirib o‘tildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish