Logo

Qatardan evakuatsiya: bugun 200 nafardan ortiq yurtdoshimiz Ar-Riyoz orqali O‘zbekistonga qaytarildi

Mart 08, 2026. 13:34 • 2 daq

36
Qatardan evakuatsiya: bugun 200 nafardan ortiq yurtdoshimiz Ar-Riyoz orqali O‘zbekistonga qaytarildi
Qatardan evakuatsiya: bugun 200 nafardan ortiq yurtdoshimiz Ar-Riyoz orqali O‘zbekistonga qaytarildi

TOShKYENT, 8-mart. /“Dunyo” AA/. Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat va qator davlatlar havo hududining yopilishi munosabati bilan Qatardan O‘zbekiston fuqarolarini maxsus evakuatsiya qilish tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Vatandoshlar Qatardan avtobuslarda Saudiya Arabistoniga jo‘natilgan. U yerdan maxsus reys bilan Ar-Riyozdagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport orqali 202 kishi bugun Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Yana 100 nafardan ortiq kishi Saudiya Arabistoni mehmonxonalariga vaqtincha joylashtirilgan va qo‘shimcha reyslarni kutmoqda.

“Dunyo” AA muxbiri vatandoshlar bilan suhbatlashdi:

Zebo Omonova:

– Qatarga dam olish uchun kelgan edik.Ammo kutilmaganda vaziyat keskinlashdi. Allohga shukr, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi xodimlari bizni yolg‘iz qoldirmadi, doimo holimizdan xabar olib turdi. Ular biz uchun Ar-Riyozgacha avtobus tashkil qilib, yurtimizga eson-omon qaytishimizni ta’minladi. Buning uchun, avvalo, Prezidentimizga va elchixona xodimlariga minnatdorlik bildirmoqchiman. Ular bizni mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi xodimlari kutib olgan chegaragacha kuzatib borishdi. O‘z navbatida, ular uchib ketguncha biz bilan birga bo‘lishdi.

Bahriddin Sharipov:

– Bizni Elchixona xodimlari kutib oldi. Ular bizga hamma narsada, ro‘yxatdan o‘tish va boshqa tashkiliy masalalarda, hatto uchib ketishgacha yordam berishdi. Bu, tom ma’noda olijanob ish bo‘ldi.Prezidentimizdan chin dildan minnatdormiz. Bilasizmi, biz yolg‘iz emasligimizni, davlatimiz tomonidan doim qo‘llab-quvvatlanishimizni his etgan edik. Ba’zi davlatlar odamlarini tezkorlik bilan olib ketayotganini, ayrim mamlakatlar esa fuqarolariga e’tibor ham ko‘rsatmaganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Vatanga qaytishda jonbozlik ko‘rsatgan barchaga katta rahmat.

Elvira Tashxodjayeva:

– Evakuatsiya jarayoni davlatimiz tomonidan yuqori darajada tashkil etildi. Elchixona diplomatlari mushkul holatimizga tez munosabat bildirib, vaziyatimizni hal qilishga astoydil yordam berdi. Ular hech qanday vahima bo‘lmasligi uchun bizni uchib ketgunimizcha kuzatib bordi. Bizga “Hech narsadan tashvishlanmang, biz yoningizdamiz”, deya doim dalda berish turishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish