O‘zbekiston energetika haftaligi rekord darajadagi ishtirokchi va delegatlarni jamladi

May 12, 2026. 18:25 • 3 daq

70
O‘zbekiston energetika haftaligi rekord darajadagi ishtirokchi va delegatlarni jamladi
O‘zbekiston energetika haftaligi rekord darajadagi ishtirokchi va delegatlarni jamladi
O‘zbekiston energetika haftaligi rekord darajadagi ishtirokchi va delegatlarni jamladi
O‘zbekiston energetika haftaligi rekord darajadagi ishtirokchi va delegatlarni jamladi
O‘zbekiston energetika haftaligi rekord darajadagi ishtirokchi va delegatlarni jamladi
O‘zbekiston energetika haftaligi rekord darajadagi ishtirokchi va delegatlarni jamladi

TOSHKENT, 12-may /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda yoqilg‘i-energetika kompleksining yirik tarmoq ko‘rgazmalari va konferensiyalarini birlashtirgan O‘zbekiston energetika haftaligi – UEW 2026 boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

12–14-may kunlari “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazma majmuasida 28-O‘zbekiston energetika haftaligi – UEW 2026 bo‘lib o‘tadi. Tadbir “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan “ICA Eurasia Group” va “Congresses of Central Asia” hamkorligida O‘zbekiston Energetika vazirligi hamda “O‘zbekneftgaz” AJ rasmiy ko‘magida tashkil etilmoqda.

Bu yilgi tadbir 580 ta kompaniya va brendlarni, 140 dan ortiq spiker va moderatorlarni, 34 mamlakatdan 1,5 ming nafardan ortiq delegatlarni birlashtirdi. Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston energetika haftaligi tarixida rekord darajaga yetdi.

Ekspozitsiya qismi “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” 28-xalqaro ko‘rgazmasi, “Energetika, energiya tejash, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2026” 19-xalqaro ko‘rgazmasi hamda “Yashil energiya tejovchi texnologiyalar – GETCA 2026” ixtisoslashtirilgan bo‘limini o‘z ichiga oladi.

Ishbilarmonlik dasturi “O‘zbekiston energetika forumi” brendi ostida “Yangi energetika: innovatsiyalar, barqarorlik, mintaqaviy kooperatsiya” mavzusida o‘tkazilmoqda. Tadbir doirasida Xalqaro neft-gaz konferensiyasi, Xalqaro energetika konferensiyasi va “Youth Energy Section” yoshlar energetika bloki tashkil etildi.

Forum barqaror rivojlanish, texnologik modernizatsiya, innovatsiyalarni joriy etish va energetika sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirning yuqori maqomi yetakchi xalqaro kompaniyalarning homiy va hamkor sifatida ishtirok etishi bilan belgilanadi. Ular orasida “Acwa”, “Huawei”, “Masdar”, “Rosatom”, “Honeywell” va global energetika bozorining boshqa yirik kompaniyalar bor.

Forumning xalqaro miqyosi Belarus, Germaniya, Xitoy, Rossiya va Turkiyaning milliy pavilyonlari, shuningdek, Italiya va Koreya Respublikasining jamoaviy stendlari ishtirok etishida ham o‘z aksini topdi.

1997 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko‘rgazmasi anʼanaviy ravishda haftalikning asosiy voqeasi bo‘lib qolmoqda. Ekspozitsiyada neft-gaz sohasi uchun zamonaviy texnologiyalar, uskunalar va muhandislik yechimlari taqdim etilgan.

Energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga katta eʼtibor qaratildi. “Power Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi doirasida elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash va uzatish uchun raqamli yechimlar, energiya tejash texnologiyalari va uskunalar namoyish etilmoqda.

“Yashil” energiya tejovchi texnologiyalarga bag‘ishlangan “GETCA 2026” ixtisoslashtirilgan bo‘limi alohida o‘rin egallaydi. Bu yerda muqobil energiya, jumladan, quyosh va shamol generatsiyasi sohasidagi innovatsion yechimlar namoyish etilmoqda.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi salohiyatini izchil oshirib bormoqda. Xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda mamlakatda umumiy quvvati 5,6 GVt bo‘lgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi. Umumiy generatsiyada “yashil” energiya ulushi 30 foizga yetdi, 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

“UEW 2026” dasturi, shuningdek, G2B va B2B shaklidagi uchrashuvlarini o‘tkazishni, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va bozor ishtirokchilari o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan shartnomalar va hamkorlik memorandumlarini imzolashni nazarda tutadi.

2026-yilgi O‘zbekiston energetika haftaligi mamlakatning Markaziy Osiyodagi asosiy energetika markazlaridan biri va xalqaro tarmoq muloqoti uchun muhim maydon sifatidagi rolini yana-da oshiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish