O‘zbekiston Prezidenti Istanbulda ochilgan 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

25
O‘zbekiston Prezidenti Istanbulda ochilgan 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi
O‘zbekiston Prezidenti Istanbulda ochilgan 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi
O‘zbekiston Prezidenti Istanbulda ochilgan 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

ISTANBUL, 12-may /“Dunyo” AA/. Bugun Istanbulda 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ikki kun davom etadi.

Bu galgi sammit kun tartibidan global masʼuliyat, iqlim muammolari, suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, o‘zgaruvchan dunyo tartibi sharoitida xalqaro munosabatlarni transformatsiya qilish masalalari o‘rin olgan.

Forum Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning 30 ga yaqin mamlakati vakillarini bir yerga jamladi. Munozaralarda amaldagi va sobiq davlat rahbarlari, xalqaro tuzilmalar yetakchilari hamda ekspertlar va biznes hamjamiyati ishtirok etmoqda.

Faxriy mehmonlar safidan Turkiya, Xorvatiya, Chernogoriya, Sloveniya, Serbiya, Albaniya, Chexiya, Ruminiya, Polsha, Moldova, Shimoliy Makedoniya, Livan va boshqa bir qator davlatlarning sobiq prezidentlari hamda bosh vazirlari o‘rin olgan.

Sammitda O‘zbekiston nomidan Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.

Tantanali ochilish marosimida Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatlari o‘qib eshittirildi. Davlatimiz rahbarining murojaatini Eldor Aripov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Prezidenti murojaatida global ekologik xavfsizlik va barqaror taraqqiyot masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Dunyoning turli mintaqalarida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlar kuchayib borayotgan bir paytda ushbu sammit alohida dolzarblik kasb etayotgani taʼkidlandi.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlari Markaziy Osiyoda ayniqsa keskin namoyon bo‘lmoqda: bu yerda isish surʼatlari jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori, yerlarning degradatsiya jarayonlari kuchaymoqda, muzliklar maydoni qisqarmoqda.

Shu munosabat bilan ekologik barqarorlikni taʼminlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani taʼkidlandi. Mamlakatda keng ko‘lamli “yashil” kun tartibi izchil amalga oshirilmoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili qariyb 200 million tup daraxt ekilmoqda, Orol dengizining qurigan tubida yirik ihota daraxtzorlari barpo etilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston “yashil” taraqqiyot modeliga faol o‘tmoqda. Mamlakat zararli gazlar chiqindilari hajmini 35 foizga kamaytirishga allaqachon muvaffaq bo‘ldi, 2035-yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 50 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu saʼy-harakatlar suv resurslarini samarali boshqarish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar bilan to‘ldirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishning davomi sifatida O‘zbekistonning “yashil” kun tartibini yana-da ilgari surishga tayyorligi taʼkidlandi. Shu maʼnoda, sammit ishtirokchilari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirlar – Global ekologik jamg‘arma Assambleyasi va Butunjahon suvni tejash forumiga taklif etildi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev mamlakat keng sheriklik uchun ochiq ekanini tasdiqlab, delegatlarga samarali ish olib borishni va amaliy natijalarga erishishni tiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish